Tarixiy natija. O‘zbek xokkeychisi AQSh draftida tanlandi

7-may 2026 13:42 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Jasurbek Rustamxonov / Foto: hchumo.uz

O‘zbekistonlik 18 yoshli xokkeychi Jasurbek Rustamxonov AQShning eng asosiy o‘smirlar xokkey ligalaridan biri UShL draftida «Dubuque Fighting Saints» klubi tomonidan tanlandi. Jasurbek ushbu natijaga erishgan birinchi o‘zbekistonlikka aylandi. Bu haqda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi xabar bermoqda.

Foto: O‘zbekiston xokkey federatsiyasi

2007-yil 16-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan Jasurbek Rustamxonov 2025/2026-yilgi mavsumni Chexiyaning «Karlovy» jamoasida o‘tkazgan. Hujumchi 30 ta o‘yinda muz maydoniga tushib, 13 ta gol va 10 ta golli uzatmani amalga oshirgan hamda jami 23 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Klub bosh menejeri Trevor Edvards yosh sportchining xalqaro maydondagi harakatlarini ijobiy baholadi.

«U O‘zbekiston terma jamoasi bilan xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatgan o‘ta dinamik to‘purardir. U iyun oyidagi yig‘inga kelib, o‘z mahoratini namoyish etishini kutyapman va uning nimalarga qodirligini ko‘ramiz», – dedi menejer.

Foto: Facebook / Dubuque Fighting Saints 

Ma’lum qilinishicha, xokkeychi iyun oyida AQShning Ayova shtatidagi Dubyuk shahriga sinov yig‘iniga jo‘nab ketadi. Klubning asosiy yig‘ini 9 – 12-iyun kunlariga belgilangan.

Draft qilinishi hozircha rasmiy shartnoma hisoblanmaydi, balki jamoa kelajakda uni o‘z tarkibiga qo‘shib olish huquqini band qilganini anglatadi. Agar Rustamxonov sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, karyerasini AQShda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Jahon chempionatida O‘zbekiston xokkey terma jamoasi Lyuksemburgni 14:0 hisobida mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek