Mudofaa vazirligida Kiberxavfsizlik laboratoriyasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda armiyani raqamlashtirish maqsadida Mudofaa vazirligida Kiberxavfsizlik laboratoriyasi tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Mudofaa vazirligi tizimida olib borilayotgan raqamlashtirish ishlari taqdimotida ma’lum qilindi.
Keyingi yillarda aloqa infratuzilmasi modernizatsiya qilinib, himoyalangan ma’lumot almashinuvi kanallari rivojlantirilgani ma’lum qilindi.
Harbiy dasturchilar tomonidan qo‘shinlar faoliyatining turli yo‘nalishlari uchun 50 ga yaqin axborot tizimi ishlab chiqilgan. Xususan, «Chaqiruv» elektron tizimi 19 ta vazirlik va idora bilan integratsiya qilinib, 39 turdagi ma’lumotnomani onlayn shaklda olish imkonini yaratgan.
Harbiy tibbiyot sohasida yagona tibbiy axborot tizimi va telemeditsina joriy etilib, Sog‘liqni saqlash vazirligining «D-MED» tizimi bilan integratsiya ta’minlangan. Shuningdek, Mudofaa vazirligida kibertahdidlarni aniqlash va oldini olishga xizmat qiluvchi Axborot xavfsizligi monitoring markazi tashkil etilgan.
Kelgusida Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Raqamli texnologiyalar bosh boshqarmasi, Sun’iy intellekt texnologiyalari departamenti va Kiberxavfsizlik laboratoriyasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Respublika hududlarida uzluksiz aloqa ta’minlash uchun Sun’iy yo‘ldosh aloqa markazi ham ishga tushiriladi.
Taqdimot yakunida Oliy bosh qo‘mondon armiyani yanada raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan hujjatlarni imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Global Firepower portalida eng yirik harbiy-havo kuchlari reytingida 145 davlat orasida 55-o‘rinni egallagani haqida yozgan edik.