Samarqandda xatnadan keyin vafot etgan bolalar ishi o‘rganilmoqda

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ikki nafar voyaga yetmagan bolaning sunnat qilinganidan keyin vafot etishi bilan bog‘liq holat yuzasidan tibbiy va huquqiy tekshiruvlar davom etmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati sog’liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rasmiy izoh berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 27-mart kuni 5 yoshli Elhan Tursunov jarrohlik amaliyotidan so‘ng vafot etgan. Oradan bir necha kun o‘tib, 2026-yil 8-aprel kuni 2 yoshli Hamidjon To‘xtaev ham hayotdan ko‘z yumgan.
Ma’lumotlarda qayd etilishicha, jarrohlik amaliyotlari davomida bir qator tibbiy tartib-qoidalarga rioya etilmagan bo‘lishi mumkin. Xususan, operatsiya oldidan zarur laborator tekshiruvlar o‘tkazilmagani, ayrim tibbiy hujjatlar esa belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagani aytilmoqda.
Shuningdek, bolalar operatsiyadan so‘ng ahvoli yomonlashib, qon ketishi kuzatilgani, biroq dastlabki bosqichda shifokorlar tomonidan holat yetarlicha jiddiy qabul qilinmagani haqidagi iddaolar ham bildirilmoqda.
Natijada 2026-yil 27-mart kuni Elhan Tursunov bilan bog‘liq holat yuzasidan Ishtixon tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi tomonidan tuman prokuraturasiga xat yuborilgan. Unda jarrohlik amaliyotini bajargan shaxslar hamda jarayonda ishtirok etgan ayrim tibbiyot xodimlarining faoliyati bo‘yicha kamchiliklar qayd etilib, ularga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish masalasi ko‘rib chiqilishi bildirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi topshirig‘iga asosan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlarda ayrim tibbiy amaliyotlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagani aniqlangan. Shuningdek, operatsiyadan oldingi zarur laborator tahlillar to‘liq bajarilmagani ham qayd etilgan.
Bundan tashqari, o‘lim sabablarini aniqlash bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza xulosalari o‘z vaqtida shakllantirilmagani sababli hozirda qo‘shimcha tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, holatga huquqiy baho berish faqat vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi. Tergov yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha rasmiy ma’lumot berilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Matiz’da 14 nafar bolani olib ketayotgan haydovchi avariya oqibatida vafot etgani haqida yozgandi.