Fuqarolar murojaatlari uchun ishonch telefonlari joriy etiladi

eʼlon qilindi
Qonunga «ishonch telefoni» tushunchasi kiritildi
Call markaz
Fuqarolar murojaatlari uchun ishonch telefonlari joriy etiladi / Foto: Infull

Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini markazlashgan tarzda qabul qilish va qayta ishlash maqsadida davlat organlarida ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan bir qator huquqiy normalar yangilandi. Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, kompleks ekspertizadan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarning ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlamaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Shuningdek, tovar belgisi guvohnomasining amal qilishi bilan bog‘liq tartiblar ham aniqlashtirildi. Endilikda huquq egasi bo‘lgan yuridik shaxs tugatilganda yoki huquq egasi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etib, uning vasiyatnoma yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rlari mavjud bo‘lmasa, manfaatdor shaxs arizasiga binoan sud qarori orqali guvohnomaning amal qilishi muddatidan oldin tugatilishi mumkin.

Bundan tashqari, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunga «ishonch telefoni» tushunchasi kiritildi. Unga ko‘ra, ishonch telefoni jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish uchun mo‘ljallangan maxsus telefon aloqa tizimi hisoblanadi.

Qonunda davlat organlari va tashkilotlarida ishonch telefoni orqali kelib tushadigan murojaatlarni markazlashgan tarzda qabul qilish hamda ularni qayta ishlash uchun zarur texnik resurslarga ega bo‘lgan bo‘linmalar – koll-markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish mumkinligi ham belgilab qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi maxsus koll-markaz va Feedback tizimini ishga tushirishi haqida xabar qilgan edik.

Shuningdek