Mikromoliya tashkilotlari aktivlari bir yilda 47 foizga oshdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatida mikromoliya tashkilotlarining jami aktivlari 13,3 trln so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 9,1 trln so‘mlik ko‘rsatkichdan qariyb 47 foizga ko‘pdir.
Sektor o‘sishida kredit portfeli asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Mikromoliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi bir yil ichida 8,2 trln so‘mdan 11,8 trln so‘mgacha oshgan.
Shuningdek, tashkilotlarning jami kapitali ham sezilarli ko‘paygan. 2025-yilda 2,6 trln so‘m bo‘lgan kapital hajmi 2026-yilga kelib 3,6 trln so‘mga yetib, 38 foiz o‘sishni qayd etdi. Markaziy bank bu holatni sektorning ichki moliyaviy bazasi mustahkamlanayotgani bilan izohladi.
Majburiyatlar hajmi esa yanada tezroq o‘sgan. Bir yil davomida bu ko‘rsatkich 6,5 trln so‘mdan 9,7 trln so‘mgacha ko‘tarilib, 49 foiz o‘sdi. Asosiy ulush tashqi moliyalashtirish — kredit va qarz mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
«Bir so‘z bilan aytganda, mikromoliya sohasi o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda. Aktivlarning yirik tashkilotlarda jamlanishi hamda moliyalashtirish manbalari tarkibidagi o‘zgarishlar ushbu yo’nalishning rivojlanish dinamikasini aks ettiradi», — deyiladi regulyator izohida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank yana uchta mikromoliya tashkilotini reyestrga kiritgani haqida yozgandi.