Gruziyada noqonuniy migrantlar orasida o‘zbekistonliklar ham aniqlandi

eʼlon qilindi
Mamlakatda noqonuniy yashab kelgan 45 nafar xorijlik qo‘lga olindi
Foto: Shutterstock

Gruziya Ichki ishlar vazirligi migratsiya departamenti mamlakatda noqonuniy yashab kelgan 45 nafar xorijlikni qo‘lga oldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

Qayd etilishicha, huquq-tartibot organlari mamlakatning turli hududlarida reyd va tintuv tadbirlarini o‘tkazgan. Tekshiruv davomida ayrim xorijliklar Gruziyada migratsiya qonunchiligini buzgan holda yashab kelayotgani aniqlangan. Shundan so‘ng ular deportatsiya qilish uchun ushlangan.

Gruziya IIV ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida O‘zbekiston fuqarolaridan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Hindiston, Pokiston, Turkiya, Bangladesh, Nigeriya, Sudan, Tanzaniya va boshqa davlat fuqarolari ham mavjud.

Hozirda barcha ushlangan migrantlar vaqtinchalik joylashtirish markaziga olib ketilgan. Vakolatli organlar ularni mamlakatdan chiqarish bo‘yicha huquqiy jarayonlarni boshlagan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025-yilda Gruziyadan 1,3 mingdan ortiq xorijlik deportatsiya qilingan. Mamlakat bosh vaziri Irakliy Kobaxidze 2026-yilda esa 4 ming nafargacha noqonuniy migrantni chiqarish rejalashtirilayotganini bildirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada migrantlar uchun davlat bojlari keskin oshirilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek