Ozarbayjonning ABB banki O‘zbekistondagi Davr Bank’ni sotib olishi mumkin

Ozarbayjonning yirik banklaridan biri ABB O‘zbekistondagi Davr Bank’ni sotib olishni rejalashtirmoqda. Yangi bank «ABB Davr Bank» brendi ostida faoliyat yuritadi, deya xabar qilmoqda Trend nashri.
Xalqaro Ozarbayjon banki (IBA) boshqaruvi raisi Abbas Ibrohimovning ma’lum qilishicha, ABB joriy yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning xususiy banklaridan biri — Davr Bank’ni sotib olish va mamlakat bozorida faoliyat boshlashni rejalashtirmoqda.
Uning bildirishicha, Davr Bank’ning nazorat paketini (51 foiz ulushini) sotib olish bo‘yicha muzokaralar yakunlangan. Hozirda ruxsatnomalarni olish va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini tez yakunlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, yangi bank «ABB Davr Bank» brendi ostida O‘zbekiston moliya bozorida faoliyat yuritishi mumkin.
Xalqaro Ozarbayjon banki 1992-yil 10-yanvarda aksiyadorlik tijorat banki sifatida faoliyatini boshlagan. Bankning bosh ofisi Baku shahrida joylashgan bo‘lib, u Janubiy Kavkaz mintaqasidagi yirik banklardan biri hisoblanadi.
Hozirda IBA Ozarbayjon bo‘ylab 78 ta filial va 9 ta vakolatxona orqali xizmat ko‘rsatadi. Bank 43 mingdan ortiq korporativ mijoz va 3 mlndan ziyod jismoniy shaxsga xizmat ko‘rsatadi, shuningdek, 4 mingdan ortiq xodimga ega.
Ma’lumot uchun, Davr bank xususiy aksiyadorlik tijorat banki 2001-yil 29-sentabrda ro‘yxatdan o‘tgan.
Davr bank ustav fondi 500 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bank aksiyalarining eng katta ulushi Ubayev Lutfulla Xayrullayevichga tegishli bo‘lib, u 46,9 foiz aksiyaga egalik qiladi. Shuningdek, Ubayeva Maxfuza Abdulmalikovna 13,5 foiz, Raxmatullayeva Durdona Lutfullayevna 9,9 foiz hamda Mirzayatov Mirkodir Mirsagatovich 9,8 foiz ulushga ega. Qolgan 19,9 foiz aksiyalar esa boshqa aksiyadorlarga tegishli.
1-aprel holatiga ko‘ra, Davr Bank aktivlari bo‘yicha 12,6 trln so‘m bilan 21-o‘rinni egalladi. Xususiy bankning kredit portfeli 9,21 trln so‘mni (17-o‘rin), depozit portfeli esa 4,58 trln so‘mni tashkil etadi (23-o‘rin).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaga tegishli Proparco kompaniyasi «Davr bank»ga $20 mln kredit ajratishi haqida xabar berilgan edi. Unda pul kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va ayollarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.