Telegram’da yangi AI bot imkoniyatlari taqdim etildi

eʼlon qilindi
Messenjerda botlar va turli platformalarni avtomatlashtirishga qaratilgan yangiliklar qo‘shilgan
Foto: Telegram

Telegram messinjeri o‘zining navbatdagi yangilanishini e’lon qildi. Ushbu yangilanishda ilova ichida bir qator AI bilan bog‘liq bo‘lgan xizmatlar taqdim etiladi. Bu haqda messenjer rasmiy sayti xabar berdi.

Yangi qo‘shilgan imkoniyatlardan biri shundaki, Telegram botlari sifatida yaratilgan AI yordamchilari va avtomatlashtirilgan vositalarni endi har qanday shaxsiy yoki guruh chatida @ belgisi orqali zikr qilish mumkin bo‘ladi, hatto ular a’zo bo‘lmasalar ham.

Bu botlar so‘rovni qayta ishlagach, bevosita o‘sha chatda javob beradi. Ular faqat o‘zlari belgilangan xabarga va unga yozilgan javoblarga kira oladi, boshqa xabarlarni o‘qiy olmaydi.

Botlar endi nafaqat foydalanuvchilarga, balki boshqa botlarga ham javob berish imkoniyatiga ega. Bu avtonom agentlar yordamida ish jarayonlarini avtomatlashtirish uchun qo‘l keladi. Shuningdek, botlar xabarlarni yuborishdan oldin to‘liq shakllanishini kutmasdan, matnni yaratilayotgan vaqtda ketma-ket chiqarishi mumkin bo‘ldi.

Har bir Telegram foydalanuvchisi o‘z profiliga bot ulashi va unga o‘z nomidan xabarlarga javob berishga ruxsat berishi mumkin. Bot qaysi chatlarga kira olishini sozlash orqali u faqat tanlangan aloqalarga yoki yangi chatlarga javob beradigan qilib belgilanadi.

Foydalanuvchilar matn muharririda noyob uslublarni yaratish uchun o‘z so‘rovlaridan foydalanishi va bu uslubni boshqalar bilan ulashishi mumkin bo‘ldi. Qidiruv paneli orqali esa 36 tilda 100 mlndan ortiq emoji va stikerlarni osongina topish mumkin.

So‘rovnomalar uchun maxsus cheklovlar, masalan, faqat obunachilarga yoki aniq mamlakatlarga ruxsat berish imkoniyati qo‘shildi. Bundan tashqari, guruhlarda 100 tadan ortiq ovoz to‘plagan so‘rovnomalar uchun statistika taqdim etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan taqiqlangan materiallarni oson tekshirish uchun Telegram bot ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek