Uchta viloyatda xorijga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Jizzax, Buxoro va Samarqand viloyatlarida fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborish va viza rasmiylashtirish va’dasi bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Mirzacho‘l tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida fuqaro $10 ming evaziga boshqa fuqaroni go‘yoki yuqori lavozimdagi tanishlari orqali Isroilga ishga yuborishni va’da qilib, oldindan $4 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Departamentning Buxoro shahar bo‘limi o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa ikki fuqaroga ishonch bildirib, ularni xorijda yashovchi tanishlari orqali ishga joylashtirish hamda Bolgariya va Litvaga yuborish uchun viza rasmiylashtirib berish evaziga $3,4 ming olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Yana bir holatda Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tadbirida MChJ rahbari boshqa fuqaroga $17 ming evaziga Isroilga ishga yuborish uchun ishchi viza tayyorlab berishni va’da qilib, oldindan $2 ming olgan paytda ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm, Toshkent va Qoraqalpog‘istonda pora talab qilgan mansabdorlar ushlangan edi.