Mirziyoyev Moskvadagi paradda ishtirok etdi, Shomurodov Turkiyada ramziy jamoadan joy oldi — 9-maydagi yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 9-may kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Mirziyoyev Moskvada harbiy texnikalarsiz bo‘lgan paradda ishtirok etdi — foto

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston pezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Laos prezidenti Txonglun Sisulit, Malayziya podshohi Sulton Ibrohim, Slovakiya Hukumati Raisi Robert Fitso va boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ham qatnashdi.
Urushda qariyb 2 million nafar o‘zbekistonlik frontga safarbar etildi. Qonli janglarda 538 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz halok bo‘ldi, 158 mingdan ziyodi bedarak yo‘qoldi.
Eldor Shomurodov Turkiyada mavsum ramziy jamoasidan joy oldi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov EA Sports talqiniga ko‘ra, Turkiya Superligasining mavsum ramziy jamoasidan joy oldi.
«Bashakshehir» klubi hujumchisiga FC26 o‘yinida 93 reytingli maxsus karta berildi. EA Sports mavsum davomida yuqori natija ko‘rsatgan futbolchilarni maxsus kartalar orqali e’tirof etadi. Shomurodovning virtual kartasida uning tezligi, zarba aniqligi, paslari, driblingi, himoyadagi harakatlari va jismoniy ko‘rsatkichlari baholangan.

Shomurodov 2025-yil yozida «Bashakshehir» safiga qo‘shilgan edi. U qisqa vaqt ichida Istanbul klubining asosiy hujumchilaridan biriga aylandi. Joriy mavsumda o‘zbekistonlik futbolchi Turkiya Superligasida 32 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Uning hisobida 20 ta gol va 4 ta golli uzatma bor. Bu natija Shomurodovga to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘rinni egallash imkonini bermoqda. Hozircha «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachu 22 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda. Mavsum yakunlanishiga ikki tur qolgan.
O‘zbek askarini qutqarib qolgan Le Bretonlar oilasiga orden berildi
Buyuk Britaniyaning Jersi orolida Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovni fashistlardan yashirgan Le Bretonlar oilasiga O‘zbekistonning «Do‘stlik» ordeni topshirildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ushbu mukofot bilan taqdirlangan edi. Orden 6-may kuni O‘zbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmonov tomonidan oilaning farzandlari va nabiralariga topshirildi.

Marosim Jersi orolining fashistlardan ozod etilganiga 80 yil to‘lishi arafasida o‘tkazildi. Tadbirda Le Bretonlar oilasining jasorati insonparvarlik va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik namunasi sifatida baholandi.
Oila xotiralariga ko‘ra, «Tom amaki» deb atalgan Boqijon Akramov Le Bretonlar xonadonida qariyb uch yil yashiringan. U 1945-yil may oyida O‘zbekistonga qaytgan. Le Bretonlar oilasi vakillari ota-onalariga berilgan mukofot uchun O‘zbekiston prezidentiga minnatdorlik bildirdi.
Jersey Heritage tashkiloti tarixchisi Kris Eddining aytishicha, 2022-yildan beri olib borilgan tadqiqotlar orqali Akramovning urushdan keyingi taqdiri ham aniqlangan. U uzoq umr ko‘rib, 1996-yilda vafot etgan va avlodlar qoldirgan.
2026-yil oxirigacha 1800 ta yangi avtobus xarid qilinadi — transport vaziri

O‘zbekistonda 2026-yil oxirigacha jamoat transporti uchun 1800 ta yangi avtobus xarid qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, bugun aholining qariyb 20 foizi har kuni Toshkent, viloyat markazlari va yirik shaharlarga shaxsiy avtomobil, marshrutka yoki Damas’da qatnaydi. Kechqurun esa ular o‘z yashash joylariga qaytadi. Vazirlik ushbu muammoni hal qilish uchun shaharlar va ularning 12 km radiusdagi tutash hududlarini yagona transport tizimiga kiritishni taklif qilmoqda. Bu yo‘nalishlarda brutto-shartnoma tizimi joriy etilishi mumkin.
Mahkamovga ko‘ra, bunday yondashuv tashuvchilar uchun barqaror ishlash imkonini beradi. Yo‘lovchilar esa xavfsiz va muntazam jamoat transportidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Prezident Transport vazirligiga tumanlararo va chekka hududlarda ham tejamkor jamoat transporti tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar tayyorlashni topshirdi. Vazirlik 10 kun ichida hukumat qarori loyihasini ishlab chiqishi kerak.
Uning ta’kidlashicha, prezident 2026-yil oxirigacha 1800 ta avtobus xarid qilish uchun tadbirkorlarga bank kreditlari bo‘yicha resurs ajratish va qisqa muddatli imtiyozlar berish topshirig‘ini bergan.
«Bu jamoat transporti yo‘nalishidagi islohotlarning yakuniy natijasiga erishishga imkoniyat yaratadi», – dedi Ilhom Mahkamov.
Shuningdek, barcha yo‘llarda jamoat transportiga ustuvorlik berish vazifasi qo‘yildi. Viloyat markazlari, yirik shaharlar va Toshkent bo‘yicha alohida transport master-rejalari ishlab chiqilgan.
Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi viza mojarosi sabab hibsga olindi

Rimda Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Pyergabriyele Papadia de Bottini di Sant-Aneze hibsga olindi. U Rossiya fuqarolariga Shengen vizalarini noqonuniy rasmiylashtirishda gumon qilinmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq elchi yordamchisi bilan birga uzoq muddatli turistik vizalar berish sxemasini tashkil etgan. Bu vizalar bir yildan uch yilgacha amal qilgan.
Aytilishicha, rasmiy talablarga javob bermagan shaxslar ham ushbu yo‘l bilan Shengen vizasini olgan. Buning uchun ulardan 4 mingdan 16 ming yevrogacha pul olingan. Qonuniy boj esa 45 – 60 yevro atrofida bo‘lgan. Sxema Moskvadagi uchta sayyohlik agentligi orqali ishlagan.
Tergov kamida 95 nafar rossiyalik shu yo‘l bilan viza olganini aniqlagan. Ayrim hollarda arizachilar konsullik hududida yashamagan. Ba’zilar nomidan hujjatlarni boshqa shaxslar imzolagan. Yana bir qismi esa konsullikka shaxsan bormagan holda viza olgan.
Qoidabuzarliklar 2025-yil iyul oyida Italiya Tashqi ishlar vazirligi tekshiruvi vaqtida aniqlangan. 81 ta holatda Toshkentdagi elchixonadan viza olgan rossiyaliklar muassasaga keluvchilar ro‘yxatida qayd etilmagan.
«Viza arizalarida aniq qoidabuzarliklar topildi. Bu holatlar uchun missiya rahbari Papadia bevosita javobgar bo‘lgan. U hujjatlarga ’OK’ belgisi va o‘z bosh harflarini qo‘ygan», – dedi tergovchilar.
Tergov, shuningdek, 2025-yil yanvar – iyul oylarida Bolgariyadagi bank hisobiga 23,6 ming yevro o‘tkazilganini aniqlagan. Pul o‘tkazmasi foizli qarz sifatida rasmiylashtirilgan.
Hisob Bolgariyada yashovchi, Italiya fuqaroligiga ega rossiyalik Tatyana Tarakanovaga tegishli bo‘lgan. U avval Papadia bilan Italiyaning Moskvadagi konsulligida ishlagan. Keyin esa Toshkentdagi elchixonaning viza bo‘limiga ishga olingan.
Mourinyo mavsum yakunida «Real Madrid»ga qaytishga tayyor — manba

«Benfika» bosh murabbiyi Joze Mourinyo mavsum yakunida Madridning «Real Madrid» klubiga qaytishga tayyor. Bu haqda taniqli insayder Fabrisio Romano xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, portugaliyalik mutaxassis Madrid klubidan rasmiy taklif kutmoqda. «Benfika» rahbariyati Mourinyoni saqlab qolishni istamoqda, biroq uning ketishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Sky Sports xabariga ko‘ra, «Real» vakillari hafta boshida Mourinyo atrofidagi shaxslar bilan uchrashgan. Shuningdek, murabbiyning o‘zi bilan ham bevosita aloqa bo‘lgan.
Muzokaralarda «Real» bosh direktori Xose Anxel Sanches faol rol o‘ynamoqda. U Mourinyoning nomzodini qo‘llab-quvvatlayotgani aytilmoqda. Shu bilan birga, 63 yoshli murabbiy Madridga qaytish uchun muhim shartlar qo‘ygan. U jamoa boshqaruvida to‘liq nazorat va transfer siyosatida katta ta’sirga ega bo‘lishni xohlamoqda.