Mourinyo mavsum yakunida «Real Madrid»ga qaytishga tayyor — manba

«Benfika» bosh murabbiyi Joze Mourinyo mavsum yakunida Madridning «Real Madrid» klubiga qaytishga tayyor. Bu haqda taniqli insayder Fabrisio Romano xabar berdi.
Manbaga koʻra, portugaliyalik mutaxassis Madrid klubidan rasmiy taklif kutmoqda. «Benfika» rahbariyati Mourinyoni saqlab qolishni istamoqda, biroq uning ketishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Sky Sports xabariga koʻra, «Real» vakillari hafta boshida Mourinyo atrofidagi shaxslar bilan uchrashgan. Shuningdek, murabbiyning oʻzi bilan ham bevosita aloqa boʻlgan.
Muzokaralarda «Real» bosh direktori Xose Anxel Sanches faol rol oʻynamoqda. U Mourinyoning nomzodini qoʻllab-quvvatlayotgani aytilmoqda. Shu bilan birga, 63 yoshli murabbiy Madridga qaytish uchun muhim shartlar qoʻygan. U jamoa boshqaruvida toʻliq nazorat va transfer siyosatida katta taʼsirga ega boʻlishni xohlamoqda.
Avvalroq The Athletic nashri «Real» rahbariyati Mourinyoni Alvaro Arbeloa oʻrniga asosiy nomzod sifatida koʻrayotganini yozgan edi. Arbeloa jamoani Chempionlar ligasida gʻolib qilgan taqdirdagina lavozimida qolishi mumkinligi aytilgan. Biroq «Real» turnirning chorak finalida ishtirokini yakunlagan.
Maʼlumot uchun, Mourinyo «Real»ni 2010-yildan 2013-yilgacha boshqargan. Bu davrda klub Ispaniya chempionati, Ispaniya kubogi va mamlakat Superkubogida gʻolib chiqqan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Real Madrid» mashgʻulotlaridagi janjal haqida yozgan edi.