
Samsung kelajakdagi Galaxy S27 flagman smartfonlari uchun ekran yetkazib beruvchilar ro‘yxatini kengaytirishni ko‘rib chiqmoqda. Unga ko‘ra, kompaniya bazaviy Galaxy S27 modeli uchun Xitoyning BOE ishlab chiqargan OLED-panellaridan foydalanishi mumkin.
Ma’lumotlarga qaraganda, Samsung komponentlar narxining oshib borayotgani sabab xarajatlarni kamaytirish yo‘llarini izlamoqda. Ayniqsa, xotira va saqlash qurilmalari qimmatlashgani kompaniyani avvalroq Galaxy S26 seriyasi narxlarini oshirishga majbur qilgan.
Yangi sxema bo‘yicha Samsung o‘z ekranlari bilan bir qatorda BOE displeylarini ham ishlatishi mumkin. Bu ishlab chiqarish tannarxini pasaytirishga yordam beradi. Biroq mutaxassislar turli yetkazib beruvchilar displeylari orasida sifat farqi yuzaga kelishi ehtimolini ham istisno qilmayapti.
BOE avval ham Apple ta’minot zanjirida ishtirok etgan, ammo asosan zaxira yetkazib beruvchi sifatida faoliyat yuritgan. Kompaniya ilgari ishlab chiqarish hajmi va sifat barqarorligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelgani aytiladi.
Hozircha Samsung va BOE o‘rtasidagi hamkorlik rasman tasdiqlanmagan. Shu sababli loyiha yakuniy bosqichga yetmasligi ham mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy Ring 2 aqlli uzugini kelasi yilning boshida chiqarishni rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.