
Xamzat Chimayev UFC’dagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. UFC 328 turnirining markaziy jangida u amerikalik Shon Striklendga hakamlarning bo‘lingan qarori bilan imkoniyatni boy berdi va o‘rta vazn toifasidagi chempionlik kamaridan ayrildi.
Besh raund davom etgan keskin bahs turnirning eng shov-shuvli natijalaridan biriga aylandi. Shu tariqa Striklend faoliyatida ikkinchi marta UFC o‘rta vazn chempioniga aylandi. Uning professional MMA’dagi statistikasi hozir 31 g‘alaba va 7 mag‘lubiyatni tashkil qilmoqda.
Chimayev esa shu paytgacha mag‘lubiyatsiz seriya bilan harakat qilayotgan edi. U kamarni 2025-yilda Dricus du Plessis ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin qo‘lga kiritgandi.
1994-yilda tug‘ilgan jangchi 2020-yilda UFC’da debyut qilgan va qisqa vaqt ichida ketma-ket janglari bilan katta mashhurlikka erishgan. Faoliyati davomida u Kamaru Usman, Robert Whittaker, Gilbert Burns kabi kuchli raqiblarni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan.
Turnir doirasida o‘zbekistonlik Bogdan Guskov ham oktagonga chiqishi kerak edi. U sobiq chempion Jan Błachowiczga qarshi revansh jangini o‘tkazishi rejalashtirilgan edi, biroq polshalik sportchining jarohati sabab bahs bekor qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nursulton Ro‘ziboyevning navbatdagi jangi sanasi ma’lum bo‘lgani haqida yozgandi.