Yaponiyada viza muddatini buzgan o‘zbekistonlik mamlakatdan chiqarib yuborildi

eʼlon qilindi
Fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli biznes vizasi asosida kirgan
Foto: Getty Images

Yaponiya migratsiya xizmati mamlakat hududida noqonuniy qolib ketgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi. Bu haqda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli biznes vizasi asosida kirgan. Biroq ruxsat etilgan muddat tugaganidan keyin ham mamlakatni tark etmagan va immigratsiya qoidalarini buzgan.

Elchixona qisqa muddatli vizalar ishlash uchun berilmasligini eslatib, bunday hujjatlar faqat sayohat, biznes uchrashuvlari yoki yaqinlarni yo‘qlash kabi maqsadlar uchun amal qilishini bildirdi. Ushbu toifadagi vizalar bilan mehnat faoliyati olib borish noqonuniy hisoblanadi.

Diplomatik vakolatxona ma’lumotiga ko‘ra, noqonuniy ishlash yoki viza muddatidan ortiq qolish holatlarida chet elliklar politsiya tomonidan ushlanib, immigratsiya markazlariga joylashtiriladi va keyinchalik deportatsiya qilinadi.

Shuningdek, Yaponiya tomoni qoidabuzarlar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston hukumatiga ham yuborishi qayd etildi. Elchixona fuqarolarni «Yaponiyada ish bor» degan shubhali takliflarga ishonib qolmaslikka chaqirdi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Italiyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi viza mojarosi sabab hibsga olingani haqida yozgandi.

Shuningdek