«Barselona» Ispaniya chempioni bo‘ldi, Dua Lipa Samsung‘ni sudga berdi — 11-maydagi yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 11-may kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Toshkentda kuchli yomg‘ir sabab 23 ta manzilda suv to‘plandi

10-may kuni Toshkent shahrida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida poytaxtning sakkizta tumanidagi 23 ta manzilda suv to‘planish holatlari qayd etildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni yog‘ingarchilik miqdori 35 mm ni tashkil etgan va uning asosiy qismi ikki soatdan kamroq vaqt ichida yog‘gan. Taqqoslash uchun, poytaxtdagi mavjud suv oqizish tizimi bir kecha-kunduzda 20 mm gacha yog‘ingarchilikni qabul qilishga mo‘ljallangan. Eng ko‘p suv to‘planishi Mirzo Ulug‘bek (6 ta) va Shayxontohur (4 ta) tumanlarida kuzatildi.
Shuningdek, Yashnobod tumani 3 ta, Mirobod tumani 3 ta, Yakkasaroy tumani 1 ta, Olmazor tumani 2 ta, Chilonzor tumani 2 ta manzil va Yunusobod tumanida 2 ta manzilni suv bosgan.
Dua Lipa Samsung kompaniyasini sudga berdi

Xonanda Dua Lipa o‘z suratidan Samsung kompaniyasi ruxsatsiz televizor qutilarida foydalangani uchun sudga murojaat qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Dua Lipa $15 mlnlik da’vo arizasi kiritgan. Uning ta’kidlashicha, Samsung kompaniyasi o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilish va sotish maqsadida uning muvaffaqiyatidan noqonuniy foydalangan. Xonanda o‘z suratining mualliflik huquqi, savdo belgisi huquqi buzilganligi va uning qiyofasini noqonuniy o‘zlashtirgani uchun tovon puli talab qilmoqda.

Da’vo arizasiga ko‘ra, bahsli surat xonandaning 2024-yilda Austin City Limits Festivalidagi chiqishi vaqtida olingan. Lipa ushbu suratning mualliflik huquqi unga tegishli ekanini bildirgan.
Xonanda o‘z suratining Samsung qutilarida paydo bo‘lganini 2025-yilning iyun oyida bilib qolgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi muxlislar bu televizorni Dua Lipa TV Box deb atay boshlaganlar. Kompaniya xonandaning qonuniy talablarini, ya’ni huquqlarini buzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirganligi aytilmoqda.
Aprel oyida qoramol go‘shti importi hajmi 11,2 foizga kamaydi

2026-yilning aprel oyida O‘zbekistonga xorijdan keltirilgan qoramol go‘shti hajmi mart oyiga nisbatan 11,2 foizga qisqardi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Aprel oyida mamlakatga jami 11,25 mln kg qoramol go‘shti keltirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich mart oyida 12,67 mln kg ni tashkil etgan edi. Mahsulotning umumiy xarid qiymati ham o‘tgan oydagi $61,06 mingdan aprelda $57,04 minggacha tushgan.
Go‘sht importining umumiy qiymati ham pasayib, $84,77 mingdan $78,75 minggacha qisqargan. Xususan, tovuq go‘shti xaridi $6,36 mingga (martda $7,02 ming), qo‘y go‘shti importi esa $8,62 mingga (martda $9,66 ming) tushgan.
«Barselona» «El-klasiko»da g‘alaba qozonib, chempionlikni nishonladi

«Barselona» o‘z maydonida «Real Madrid» ustidan ishonchli g‘alaba qozonib, ketma-ket ikkinchi yil Ispaniya chempioni nomiga sazovor bo‘ldi.
Uchrashuvda mezbonlar safida Markus Reshford va Ferran Torres tomonidan urilgan gollar o‘yin taqdirini hal qildi. Reshford jarima zarbasidan ajoyib gol kiritgan bo‘lsa, Torres Dani Olmoning aqlli uzatmasini golga aylantirdi.
Ushbu natijadan keyin «Barselona» o‘zining g‘alabali seriyasini o‘n bittaga yetkazib olib, eng yaqin ta’qibchisidan 14 ochkoga o‘zib ketdi. Reshford bu mavsumda barcha musobaqalarda jami 47 uchrashuvda maydonga tushib, 14 ta gol va 14 ta golli uzatma amalga oshirgan.
Kosonsoyda yigit unashtirilgan qizini pichoqlab o‘ldirdi

Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida 27 yoshli yigit o‘zi bilan unashtirilgan 17 yoshli maktab o‘quvchisini rashk tufayli pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Voqea 2026-yilning 6-may kuni ertalab sodir bo‘lgan. Soat 08:30 larda Kosonsoy tumani Yoshlik mahallasida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining qaylig‘i, 2008-yilda tug‘ilgan qallig‘i bilan o‘zaro janjallashib qolgan. U qizni o‘ldirish maqsadida ko‘krak va qorin qismiga pichoq bilan bir necha marta urgan hamda voqea joyidan yashiringan.
Olingan og‘ir tan jarohatlari oqibatida 50-maktabning 11-sinf o‘quvchisi bo‘lgan jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgan. Hodisa joyiga tezkor-tergov guruhi chiqib, hududni ko‘zdan kechirgan, qotillik quroli va boshqa daliliy ashyolar olingan hamda tegishli ekspertizalar tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan Kosonsoy tumani prokuraturasi tomonidan gumon qilinuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Fuqaro Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston U-17 termasi Hindistonni yengib, JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston U-17 futbol terma jamoasi Hindiston ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonib, ketma-ket ikkinchi marta Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar bermoqda.

U-17 Osiyo kubogi doirasidagi uchrashuvda Laziz Abduraimov 32-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 61-daqiqada hindistonliklar o‘z darvozasiga avtogol kiritdi. Uchrashuvning 79-daqiqasida Ahrorbek Ravshanbekov hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi va yakuniy natijani o‘rnatdi (3:0).

2026-yilgi U-17 Jahon chempionati 19-noyabrdan 13-dekabrgacha Qatarning Doha shahridagi «Aspire Zone» sport majmuasida bo‘lib o‘tadi. Unda jami 48 ta davlat terma jamoalari qatnashadi. FIFA qaroriga binoan, ushbu turnir 2025-yildan boshlab har yili o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi Osiyo chempioni O‘zbekiston hisoblanadi. Islom Ismoilov shogirdlari avvalgi qit’a birinchiligi finalida Saudiya Arabistonini ikki kishi kam bo‘lib o‘ynashiga qaramay, 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi. Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundialga qur’a tashlash marosimi 2026-yilning 21-may kuni Syurixdagi FIFA shtab-kvartirasida o‘tkaziladi.
Javohir Sindarov Polshadagi turnirda 7-o‘rinni oldi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Polshada yakunlangan Super Rapid & Blitz Poland 2026 turnirida 16,5 ochko jamg‘ardi. Yettinchi o‘rinni egallagan shaxmatchi $9 ming miqdorida mukofot pulini qo‘lga kiritdi. Bu haqda UzChess ma’lum qildi.
Turnir yakunlariga ko‘ra, Javohir Sindarov jami 36 ta imkoniyatdan 16,5 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Musobaqa g‘olibligi amerikalik Hans Nimanga nasib etdi. U umumiy hisobda 22,5 ochko jamg‘arib, bosh mukofot $50 ming hamda 13 GCT (Grand Chess Tour) ochkosini qo‘lga kiritdi.