Zarafshonda ayol 40 million evaziga kuyoviga qotil yolladi

Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida kelinning ammasi yosh oiladagi janjal sababli kuyovni o‘ldirish uchun ikkita shaxsni yolladi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 54 yoshli ayol kuyoviga «saboq berib qo‘yish» maqsadida 1992 va 1994-yillarda tug‘ilgan ikki nafar tanishi bilan kelishgan. U qotillik evaziga 40 mln so‘m va’da qilgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tezkor tadbir o‘tkazib, jinoyatni sahnalashtirgan. Ular suiqasd qilingani haqida soxta video tasvirga olib, buyurtmachiga «ish bajarilgani»ning tasdig‘i sifatida yuborgan.
Shundan so‘ng ayol kelishilgan summaning bir qismi – 2,3 mln so‘mni ijrochilarga o‘tkazib berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kosonsoyda yigit unashtirilgan qizini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar bergan edi.