Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rni yaratganlarga subsidiya beriladi

O‘zbekistonda ish o‘rinlari va mehnat sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirgan ish beruvchilarga subsidiyalar ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bandlik bo‘limi yo‘llanmasi bilan ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlarini qoplash uchun ish beruvchilarga har bir xodim uchun 6 oy davomida har oy bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamiga mansub fuqarolarni belgilangan eng kam ko‘rsatkichdan ortiq ishga qabul qilgan ish beruvchilarga 12 oy davomida har oy BHMning 2 baravari miqdorida subsidiya beriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan har bir ish joyiga esa BHMning 40 baravarigacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga ushbu xodim 3 oydan ortiq ishlaganidan so‘ng bir martalik BHMning 3 baravari miqdorida subsidiya beriladi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvargacha o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining xalqaro va milliy sertifikat olish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha qoplab beriladi. Malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga esa xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish, jihoz va asbob-uskunalar xarid qilish hamda internet xizmatlariga ulanish uchun 3 yilgacha muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan BHMning 75 baravarigacha foizsiz ssuda berilishi belgilandi.
Subsidiyalar va ssudalarni olish uchun murojaatlar my.gov.uz platformasi, «Yagona milliy mehnat tizimi» hamda «Online mahalla» elektron platformalari orqali qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nogironligi bo‘lgan bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yilgacha soliqlardan ozod etilishi haqida xabar bergan edik.