
Netflix mashhur Money Heist (La Casa de Papel) franshizasi, ya‘ni «Qog‘oz bino»(Bumajniy dom) filmi yana davom ettirilishini rasman ma’lum qildi. Bu haqda Afisha Daily nashri xabar berdi.
Platforma loyiha qanday formatda qaytishini hozircha ochiqlamadi. Bu yangi mavsum, spin-off yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri davomi bo‘lishi mumkin.
Ushbu e’lon Berlin serialining ikkinchi mavsumi premyerasi arafasida yangradi. Yangi mavsum 15-may kuni tomoshabinlarga taqdim etiladi. Netflix ijtimoiy tarmoqlarida «Bella Ciao hanuz yangramoqda. «Qog‘oz bino» (Bumajniy dom) olami davom etadi» degan izoh bilan maxsus videoni ham joyladi.
Kompaniya vakillari serial oddiy ispan loyihasidan platformaning eng mashhur ingliz tilida bo‘lmagan shoularidan biriga aylanganini ta’kidladi. Loyiha xalqaro International Emmy Awards mukofotini qo‘lga kiritgan va global pop-madaniyat fenomeniga aylangan.
Franshizaning qaytishi haqida professor obrazi bilan tanilgan Alvaro Morte ham ma’lum qilgan. Biroq Netflix ushbu loyiha yangi e’lon bilan bog‘liq yoki yo‘qligini hozircha tasdiqlamadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Maykl Jekson haqidagi film $97 mln tushum bilan rekord o‘rnatgani haqida yozgandi.