Xantavirusning O‘zbekistonda tarqalish ehtimoli qanday — SSV izoh berdi

eʼlon qilindi
Shuningdek, virusning tarqalishi, yuqish yo‘llari, kasallik belgilari va davolash haqida ham ma’lumot berildi
Xantavirusning O‘zbekistonda tarqalish ehtimoli qanday — SSV izoh berdi / Foto: SSV

Sog‘liqni saqlash vazirligi ayrim mamlakatlarda tarqalayotgan xantavirusning O‘zbekistonda tarqalish xavfi va bugungi kundagi epidemiologik vaziyat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Epidemiologik vaziyat qanday

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda mamlakatimizda xantavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, ushbu infeksiya koronavirus kabi tez tarqalish xususiyatiga ega emas va global pandemiya keltirib chiqarmaydi.

Virusning tarqalish xususiyati

Mutaxassislar ta’kidlashicha, xantavirusning 20 dan ortiq turlari mavjud bo‘lib, ularning faqat ayrimlari insonda kasallik chaqirishi mumkin. Kasallik dunyo bo‘yicha turli hududlarda uchrasa-da, u Yevropa va Osiyoda kamroq qayd etiladi. Virusning ayrim turlari esa asosan Lotin Amerikasi mamlakatlarida uchraydi.

Foto: Baton Rouge General

Yuqish yo‘llari va kasallik belgilari

Virus, asosan, kemiruvchilar orqali tarqaladi va inson organizmiga ularning siydigi, axlati yoki so‘lagi bilan ifloslangan buyumlar, chang hamda oziq-ovqat orqali yuqishi mumkin. Ayrim hollarda zararlangan muhitda uzoq vaqt bo‘lish yoki kemiruvchilar bilan yaqin kontakt ham xavfni oshiradi.

Kasallik odatda tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish hamda mushak va qorin og‘riqlari bilan kechadi. Og‘ir holatlarda buyrak yetishmovchiligi va yurak-qon tomir hamda nafas olish tizimi bilan bog‘liq asoratlar kuzatilishi mumkin. Hozirda xantavirusga qarshi maxsus vaksina mavjud emas, davolash esa asosan simptomatik tarzda olib boriladi.

Davolash va profilaktika

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda xantavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan va vaziyat doimiy virusologik monitoring ostida saqlanmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri saqlash, meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvish hamda yopiq joylarni muntazam shamollatishni tavsiya etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xantavirus epidemiyasi tarqalishi xavfini baholagan edi.

Shuningdek