Yirik investitsiya loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkaziladi

Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish hamda ularning raqobat muhitiga ta’sirini baholash tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yirik investitsiya loyihasi kamida $50 mln ekvivalentida moliyaviy resurslar jalb etilgan holda amalga oshiriladigan, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar, xizmatlar yoki infratuzilmani yaratish, kengaytirish yoki modernizatsiyalashga qaratilgan loyihalar sifatida belgilangan.
Mazkur loyihalar davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi hamda ularning raqobat muhitiga ta’siri baholanadi. Baholash jarayonida loyiha bilan bog‘liq xatar darajasi ham inobatga olinadi.
Agar yirik investitsiya loyihasi yuqori xavf darajasi bilan baholansa, uning maqsadga muvofiqligi va amalga oshirish imkoniyati bo‘yicha salbiy xulosa berilishi mumkin. Bunday holatda ekspertiza xulosalarida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaguncha loyiha tasdiqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat xizmatlarini soddalashtirish doirasida 783 ta xizmatga «nol byurokratiya» tamoyili joriy etilishi haqida yozgan edik.