BP qaytdi: kompaniya O‘zbekistondagi yangi investitsiya loyihasiga qo‘shildi

Buyuk Britaniyaning xalqaro energetika kompaniyasi BP (British Petroleum) O‘zbekistonning Ustyurt mintaqasidagi neft-gaz loyihasiga mahsulot taqsimotiga oid bitim asosida qo‘shildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan «O‘zbekiston neft va gazi – 2026» xalqaro konferensiyasi doirasida imzolangan kelishuv Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt hududidagi Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi. Bitimda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov, SOCAR prezidenti Rovshan Najaf hamda BP’ning Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Djiovanni Kristofoli ishtirok etgan.
Kelishuvga ko‘ra, Londonda joylashgan BP transmilliy neft-gaz kompaniyasi mazkur loyihadagi 40 foiz ulushga ega bo‘ladi. SOCAR va O‘zbekneftegaz esa 30 foizdan ulushni saqlab qoladi. Loyiha operatori sifatida SOCAR faoliyat yuritadi.

Mazkur loyiha BP kompaniyasining O‘zbekistondagi ilk yirik tashabbusi bo‘lib, u O‘zbekneftgaz va SOCAR bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyiha neft-gaz resurslarini qidirish va o‘zlashtirish orqali uzoq muddatli iqtisodiy manfaatlarni yaratishga xizmat qiladi hamda kompaniyaning qidiruv portfelini kengaytirish strategiyasining muhim qismi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, ushbu mahsulot taqsimotiga oid bitim dastlab 2025-yil 24-iyul kuni Energetika vazirligi, O‘zbekneftgaz va SOCAR o‘rtasida imzolangan bo‘lib, hozirda loyiha birinchi bosqichda, seysmik qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston energetikasiga $35 mlrd sarmoya kiritilgani haqida yozgan edik.