
General Motors 2027-yilgi yangilangan Chevrolet Tracker krossoverini taqdim etishga tayyorlanmoqda. GM Authority yozishicha, model kuzov ranglari bo‘yicha o‘zgarishlarga ega bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, kompaniya uchta mashhur rangni ishlab chiqarishdan olib tashlaydi. Bular Cacti Green, Cypress Gray va Marina Blue Metallic ranglari.
Dilerlar ushbu ranglardagi 2026-yilgi model uchun buyurtmalarni 2026-yil 28-sentabrgacha qabul qiladi. Shundan keyin bu ranglar model qatoridan chiqariladi.
Marina Blue Metallic va Cypress Gray ranglari avtomobil uchun 2025-yilda qo‘shilgan edi. Cacti Green esa ikkinchi avlod Tracker modeli bilan 2024-yilda paydo bo‘lgan.
Yangilangan 2027-yilgi Tracker tashqi ko‘rinishda ham sezilarli o‘zgarishlarga ega bo‘ladi. Sinov paytida ko‘ringan prototiplarga qaraganda, avtomobil old qismi yanada tik va kvadrat shaklda bo‘ladi.

Faralar gorizontal joylashuvga ega yangi dizaynda tayyorlanadi. Old qismda ikki blokli yangi chiroq tizimi paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, radiator panjarasi va orqa chiroqlar dizayni ham yangilanadi.
Yangi Tracker modeli GM’ning Janubiy Koreyadagi zavodlariga kiritgan $300 mln investitsiyasi doirasida ishlab chiqariladi. Model Changwon zavodida yig‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kompaniya Braziliyada yangi 2027-yilgi Chevrolet Sonic krossoverini rasman taqdim etgandi. Unga ko‘ra, kompaniya ushbu modelni Chevrolet’ning Janubiy Amerikadagi eng muhim yangi avtomobillaridan biri deb atadi. Yangi Sonic ilk bor budjet segmentidagi kupe uslubidagi krossover sifatida ishlab chiqarildi.