O‘zbekiston va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshiradi

Shavkat Mirziyoyev mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keytani qabul qildi. Tomonlar O‘zbekiston va jamg‘arma o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv avvalida mehmon prezidentga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Muloqot davomida BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi bilan hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va jamg‘arma o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlanib, reproduktiv salomatlik, gender tenglik va demografik barqarorlik sohalarida bir qator loyihalar amalga oshirilgani qayd etildi.

Shuningdek, jamg‘arma O‘zbekistonda o‘tkazilgan birinchi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida faol ishtirok etgani alohida e’tirof etildi. Ona va bola salomatligini mustahkamlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha erishilgan natijalar ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekistonda va BMT doirasida yuqori darajadagi tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev SOCAR bosh direktori Ravshan Najaf hamda British Petroleum rahbariyati vakillari Ariel Flores va Jovanni Kristofolinini qabul qilgan edi.