
Saudiya Arabistoni Proligasining 32-turida «An-Nasr» va «Al-Hilol» uchrashuvi 1:1 hisobida durang bilan yakunlandi. So‘nggi daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol Krishtianu Ronaldu jamoadoshlari muddatdan oldin chempion bo‘lishiga to‘sqinlik qildi.
Uchrashuvning 37-daqiqasida «An-Nasr» himoyachisi Muhammad Simakan hisobni ochdi. O‘yinning asosiy qismida mezbonlar ustunlikni saqlab qoldi. Biroq 90+8-daqiqada «An-Nasr» darvozaboni Bento o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘ydi. Natijada «Al-Hilol» mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.

Ushbu durangdan so‘ng, turnir jadvalida peshqadamlar o‘rtasidagi 5 ochkolik farq saqlanib qoldi. Hozirda «An-Nasr» 83 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda. «Al-Hilol» esa 78 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Agar «An-Nasr» g‘alaba qozonganida, muddatidan avval chempion bo‘lishi mumkin edi.
Mavsum yakunlanishi uchun «Al-Nasr»da 1 ta o‘yin, «Al-Hilol»da esa 2 ta o‘yin qoldi. «Al-Nasr» 20-may kuni so‘nggi turda «Damaq» jamoasini mag‘lub etsa, «Al-Hilol»ning qolgan o‘yinlari natijasidan qat’i nazar rasman chempion bo‘ladi.
Ikkinchi o‘rindagi «Al-Hilol»da ham chempionlik uchun imkoniyatlar saqlanib turipti. Buning uchun Benzema jamoadoshlari qolgan ikkala uchrashuvda ham g‘alaba qozonib, ochkolarini 84 taga yetkazishi kerak. «Al-Nasr» esa so‘nggi o‘yinida mag‘lubiyatga uchrashi yoki durang o‘ynashi kerak bo‘ladi.

Bunda ikki klubning ochkolari bir xil 84 bo‘ladi. Liga qoidalariga ko‘ra o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik evaziga «Al-Hilol» chempion bo‘lishi mumkin. Ma’lumot uchun, birinchi davrada o‘tkazilgan Riyod derbisida 3:1 hisobida «Al-Hilal» g‘alaba qozongan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Krishtianu Ronaldu Ispaniyaning «Almeria» klubi hammuassisiga aylangani haqida xabar bergan edi.