UzNIF IPO yakunlari: 600 mln dollardan ortiq mablag‘ jalb qilindi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Kompaniya qimmatli qog‘ozlar sotuvidan pul olmaydi, barcha mablag‘lar aksiyador (sotuvchi) ixtiyoriga o‘tadi
Foto: depositphotos.com

«O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi» AJ (UzNIF) o‘zining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) natijalarini rasman e’lon qildi.

Joylashtirishning asosiy natijalari:

  • Jalb qilingan mablag‘larning umumiy hajmi: jalb qilingan mablag‘lar taxminan 603,6 mln dollarni tashkil etdi. Kompaniya qimmatli qog‘ozlar sotuvidan pul olmaydi, barcha mablag‘lar aksiyador (sotuvchi) ixtiyoriga o‘tadi.
  • Bozor kapitalizatsiyasi: joylashtirish vaqtida jamg‘arma qiymati qariyb 1,95 mlrd dollar deb baholandi.
  • Joylashtirish ulushi: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi jamg‘arma aksiyadorlik kapitalining 31 foizini sotdi.
  • Taklif narxi: Londonda bir dona global depozitar tilxat (GDR) uchun 25,00 dollar. Toshkentda bir dona aksiya uchun 4,65 so‘m (O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan talabnomalarda 5% chegirma amal qildi — 4,41 so‘m).

Talabning taqsimlanishi:

Joylashtirish ikki transhga bo‘lindi. Asosiy hajm xalqaro bozorga to‘g‘ri keldi: O‘zbekistondan tashqaridagi investorlarga GDR ko‘rinishida 1,5 trilliondan ortiq aksiya taqsimlandi. «Toshkent taklifi» doirasida mahalliy institutsional va chakana investorlar o‘rtasida qariyb 47,9 mlrd dona aksiya taqsimlandi.

«Langar» (asosiy) investorlar sifatida BlackRock, Franklin Resources va Redwheel kabi dunyoning eng yirik jamg‘armalari ishtirok etib, jami 300 mln dollarlik qimmatli qog‘ozlarni sotib olishdi.

Savdolar qachon boshlanadi?

  • London fond birjasi (LSE): UZNF va UZ20 tikerlari ostidagi GDRlarning shartli savdolari bugun, 13-maydan boshlanadi. Asosiy savdolar esa 2026-yil 18-maydan start oladi.
  • «Toshkent» RFB (TSE): UZNF tikeri ostidagi aksiyalarning ikkilamchi savdolari 2026-yil 18-maydan boshlanishi kutilmoqda.

Templeton Global Investments kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan UzNIF IPO’sining muvaffaqiyati boshqa O‘zbekiston kompaniyalari, jumladan, jamg‘arma portfeliga kiruvchi korxonalarning ham ochiq bozorlarga chiqishi uchun turtki bo‘lishini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yozganidek, UzNIF IPO’si uchun talabnomalar kitobi rekord darajada qisqa vaqt ichida — ochilganidan so‘ng atigi 2,5 soat ichida to‘lgan edi.

Shuningdek