2028-yilgacha 168 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar barpo etiladi

eʼlon qilindi
Bu orqali 258 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi
2028-yilgacha 168 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar barpo etiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2026–2028-yillarda mamlakatda 168 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar tashkil etilishi ma’lum qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mavjud bog‘lar holati

Yig‘ilishda bugungi kunda O‘zbekistonda 572,6 ming gektar bog‘ va tokzor mavjudligi, ular yiliga $1 mlrdlik eksportni ta’minlayotgani va 882 ming nafar aholining daromad manbai ekani qayd etildi.

Shuningdek, 61 ming gektar eskirgan va 18 ming gektar yaroqsiz bog‘larni yangilash zarurligi ta’kidlandi. Ayrim hududlarda bunday maydonlardan gektariga atigi 5 tonna hosil olinayotgani, yillik daromad esa 10 mln so‘mga ham yetmayotgani bildirildi.

Pop tumanidagi tajriba

Namangan viloyatining Pop tumanidagi 84 gektarlik eksportbop gilos bog‘i intensiv bog‘dorchilikning samarali namunasi sifatida keltirildi. Hali to‘liq hosilga kirmagan yosh ko‘chatlardan ham gektariga 7 tonnadan hosil olinayotgani va mahsulotning bir kilogrammi 8 dollardan eksport qilinayotgani aytildi.

Shu bilan birga, tumandagi 1,2 ming gektar eski bog‘larni yangilash orqali hosildorlik va daromadni bir necha barobar oshirish mumkinligi qayd etildi.

Eski bog‘lar bo‘yicha yangi tartib

Yig‘ilishda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bog‘ va tokzorlarning holati bo‘yicha xulosa berishi, sanoatlashgan bog‘lar tashkil etilmagan maydonlarga nisbatan yer va suv soliqlarini oshirish taklif qilindi.

Prezident bog‘lar holatini kosmik tasvirlar orqali monitoring qilish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirish zarurligini ham ta’kidladi.

Tadbirkorlarga kredit va subsidiyalar

Ma’lum qilinishicha, intensiv bog‘ tashkil qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizim joriy etiladi. «Agrostar» kompaniyalari tadbirkorlar bilan ulushdorlik asosida hamkorlik qiladi.

Bundan tashqari, har bir gektar uchun 120 mln so‘mgacha kredit ajratish, kredit o‘z vaqtida qaytarilganda foiz stavkasining yarmini kompensatsiya qilish hamda 3 yil davomida har gektarga 5 mln so‘mdan subsidiya berish rejalashtirilgan.

Dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash

Tomorqa va dehqon xo‘jaliklaridagi eski bog‘larni yangilash uchun aholiga mahalla bankiri orqali 50 tagacha ko‘chat yoki 2 mln so‘mgacha qarz berish taklif qilindi. Dehqon xo‘jaliklariga esa 150 mln so‘mgacha kredit ajratilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nurobodda 50 ming gektarlik pista plantatsiyalari barpo etilishi haqida xabar qilgan edik.

Shuningdek