Buryatiyadagi qurilishda bir nafar o‘zbekistonlik yettinchi qavatdan qulab vafot etdi

Buryatiya Respublikasi hududida qurilish maydonida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi jabrlangani ma’lum qilindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Hodisa 8-may kuni Ulan-Ude shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, minorali kran qurilish havozasiga zarar yetkazgan va shu paytda xavfsizlik kamarisiz ishlayotgan ikki ishchi 7-qavatdan qulab tushgan.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi vaziyat nazoratga olinganini bildirgan. Diplomatlar mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
Jabrlanganlardan biri og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Ikkinchi fuqaro esa olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Holat yuzasidan Rossiya tergov organlari tomonidan mehnat xavfsizligi qoidalarini buzish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lum qilinishicha, vafot etgan fuqaroning jasadini O‘zbekistonga yuborish ishlari Migratsiya agentligi vakillari va Bosh konsulxona hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaponiyada viza muddatini buzgan o‘zbekistonlik mamlakatdan chiqarib yuborilgani haqida yozgandi.