
Angliya Premyer-ligasining qoldirilgan 31-turida «Manchester Siti» o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida «Kristal Pelas»ni qabul qilib, 3:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi.

Kuchli yomg‘ir ostida kechgan uchrashuvning dastlabki daqiqalarida mehmonlar chuqur himoyalanishdi. 32-daqiqada Fil Fodenning tovon bilan bergan ajoyib uzatmasidan so‘ng Antuan Semenyo uchrashuvda hisobni ochdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 40-daqiqada yana o‘sha Fodenning sa’y-harakatlari va Yoshko Gvardiolning uzatmasidan keyin Umar Marmush yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qilib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Uchrashuvga yakuniy nuqtani esa 84-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Rayan Sherkining uzatmasidan unumli foydalangan Savinyo qo‘ydi.

O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov bahsni asosiy tarkibda boshladi va uchrashuv to‘liq yakunlanguniga qadar ishonchli harakat qildi. Sofascore portali uning harakatlarini 7,3 ballga baholadi. Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi maqomi esa 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan Foden (9,0 ball)ga nasib etdi.

Mazkur g‘alabadan so‘ng «Manchester Siti» o‘z ochkolarini 77 taga yetkazib, turnir jadvali peshqadami «Arsenal»ni ta’qib qilishda davom etmoqda. «Kanonirlar» hisobida 79 ochko mavjud. Ikkala jamoada ham mavsum yakunlanishiga 2 tadan o‘yin qoldi. Endi Gvardiola shogirdlari shanba kuni Angliya kubogi finalida «Chelsi»ga qarshi maydonga tushadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekitan Husanov «Everton» bilan o‘yinda jarohat olgani haqida xabar bergan edi.
