«Inter» Italiya kuboki g‘olibi, PSJ qatorasiga beshinchi chempionligini nishonladi

14-may 2026 10:57 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: Silvia Lore / Getty Images

Parijning PSJ va Milanning «Inter» klublari o‘z mamlakatlaridagi musobaqalarda zafar quchdi. PSJ muddatidan avval Liga 1 chempioniga aylangan bo‘lsa, «Inter» 2010-yildan beri ilk bor bir mavsumda ham chempionat, ham kubokni yutdi.

Foto: PSJ

Parijliklar «Lans»ni 2:0 hisobida taslim etishdi va chempionat tugashiga bir tur qolganda turnir jadvalida ta’qibchisini to‘qqiz ochko ortda qoldirdi. O‘yin, asosan, PSJ nazorati ostida o‘tdi, gruziyalik vinger Xvicha Kvaratsxeliya uchrashuvning 29-daqiqasida hisobni ochgan bo‘lsa, qo‘shib berilgan daqiqalarda 18 yoshli Ibrohim Mbayye jamoasining ikkinchi golini urib, g‘alabani kafolatladi.

Foto: PSJ

«Lans» murabbiyi o‘z jamoasining asosiy o‘yinchilarini ehtiyot qildi, chunki jamoani 22-may kuni Fransiya kubogi finalida «Nitsa»ga qarshi muhim uchrashuv kutib turibdi. PSJ esa 30-may kuni Budapeshtda Chempionlar ligasi finalida Londonning «Arsenal» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Foto: Inter.it

Italiyada esa «Inter» mavsumni ajoyib tarzda yakunlamoqda. Jamoa Italiya kubogi finalida Rimning «Latsio» klubini 2:0 hisobida mag‘lub etib, navbatdagi sovrinni qo‘lga kiritdi.

Foto: Instagram / inter

Bu g‘alaba «Inter»ga 2010-yilda Joze Mourinyo qo‘l ostida erishilgan trebldan so‘ng ilk bor oltin dubl – chempionat va kubokni yutish imkonini berdi. Jamoaning ushbu muvaffaqiyati ko‘p jihatdan yangi murabbiy Kristian Kivuning xizmatlari bilan bog‘liq.

Uchrashuvdagi birinchi gol 14-daqiqada «Latsio» himoyachisi Adam Marushichning o‘z darvozasini ishg‘ol qilishi oqibatida yuzaga keldi. Ikkinchi gol esa Nuno Tavareshning qo‘pol xatosi tufayli Denzel Dumfris tomonidan yaratildi va Lautaro Martines o‘zining eng oson gollaridan birini kiritdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevrokuboklar finalchilari ma’lum bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek