Latviya bosh vaziri va uning hukumati iste’foga chiqdi

eʼlon qilindi
Koalitsiya hamkorlarining qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi ortidan Latviya hukumati vaqtinchalik boshqaruv rejimiga o‘tdi
Foto: LETA / Lita Millere

Latviya bosh vaziri Evika Silinya parlamentga iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza topshirdi va bu qadam butun hukumatning tarqalishiga olib keldi. Qaror hukmron koalitsiya hamkori bo‘lgan «Taraqqiyparvarlar» (Progresīvie) partiyasi ishonchsizlik bildirganidan so‘ng qabul qilingan.

Hozirgi hukumat yangi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlanguniga qadar vaqtinchalik rejimda o‘z ishini davom ettiradi, vazirlar o‘z lavozimlarini zudlik bilan tark etmaydi. Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs bosh vazirning arizasini qabul qildi va barcha parlament fraksiyalari bilan yangi hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi.

Agar muzokaralar cho‘zilsa yoki parlamentda aniq ko‘pchilik ovoz yig‘ilmasa, iste’foga chiqqan hukumat uzoqroq muddat ishlashi mumkin.

Siyosiy inqiroz yangi mudofaa vaziri nomzodi atrofidagi ziddiyatlar sababli yuzaga kelgan. Iste’foga chiqqan vazir Andris Spruds o‘rniga polkovnik Raivis Melnis nomzodi ilgari surilgach, hukumatdagi hamkorlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan va oqibatda koalitsiya buzilgan.

O‘z navbatida, muxolifat ham amaldagi hukumatga qisqa muddat ichida ishonchsizlik votumini e’lon qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Bosh vazir Evika Silinya yuzaga kelgan inqirozni siyosiy manfaatlarning ustun kelishi deb baholadi.

«Men iste’foga chiqyapman, lekin taslim bo‘lmayman. Siyosiy hasad va tor partiyaviy manfaatlar mas’uliyatdan ustun keldi», — dedi u matbuot anjumanida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «Yangi Birlik» (Jaunā Vienotība) partiyasi davlat xavfsizligi hamda aholi farovonligi yo‘lida bergan va’dalarini bajarishda davom etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Latviya o‘zbekistonlik elektriklarni ishga taklif qilayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek