Oylik maosh 2 ming yevro atrofida: Yevropa davlatlarda yangi ish o‘rinlari e’lon qilindi

Xorvatiya, Litva yoki Bolgariyada mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Xorvatiya
Xorvatiyada quvur montajchisi sifatida ishlash imkoniyati mavjud bo‘lib, ushbu yo‘nalishda oylik maosh 1 ming yevrodan boshlanadi.
Litva
Litvada tovuq fabrikasida ish o‘rinlari taklif etilmoqda. Xususan, qadoqlash, go‘sht bo‘lish, markirovka qilish va yuklash kabi vazifalar uchun xodimlar qabul qilinadi. Mazkur ishlar bo‘yicha oylik maosh $1 ming – $1,7 ming oralig‘ida belgilangan.
Bolgariya
Bolgariyada esa C va E toifali yuk mashinasi haydovchilari uchun ish o‘rinlari mavjud. Ushbu yo‘nalishda oylik maosh 2,5 ming yevrodan boshlanishi ma’lum qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ishga joylashish jarayonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish beruvchi bilan tuziladigan mehnat shartnomalari asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, bandlik agentligi ish beruvchi sifatida qatnashmasligi va ishga joylashish fuqarolarning ixtiyoriy qarori bilan amalga oshirilishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya transport va logistika sohasida ish o‘rinlari e’lon qilgan edi.