
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo kubogi doirasida Avstraliya ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, guruhni birinchi o‘rinda yakunladi va chorak finalda Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo kubogi guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida Avstraliyaga qarshi ishonchli o‘yin namoyish etib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuv 2:0 hisobida o‘zbekistonlik yosh futbolchilarning foydasiga hal bo‘ldi.
Gollarga uchrashuvning 28-daqiqasida Mirkomil Murodov va 45-daqiqasida Ahror Ravshanbekov mualliflik qildi. Ushbu g‘alaba evaziga Sergey Chigodayev shogirdlari o‘z guruhida peshqadam sifatida chorak final bosqichiga yo‘llanma olishdi.

Chorak finalda O‘zbekiston U-17 terma jamoasi «C» guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan Janubiy Koreya o‘smirlariga qarshi bahs olib boradi. Ushbu qiziqarli o‘yin 16-may kuni Jidda shahridagi «King Abdullah Sports City» stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan CAFA U-20 turnirida O‘zbekiston termasi Qirg‘izistondan ustun kelgani haqida xabar bergan edi.