
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Ruminiyada o‘tkaziladigan, mukofot jamg‘armasi $475 ming bo‘lgan nufuzli Grand Chess Tour musobaqasida ishtirok etadi. Bu haqda UzChess xabar bermoqda.

Musobaqa 9 raunddan iborat bo‘lib, aylanma tizimida o‘tkaziladi. Vaqt nazorati klassik qoidalarga muvofiq belgilanadi. Bunda shaxmatchilarga 40 ta yurish uchun 90 daqiqa va har bir yurish uchun qo‘shimcha 30 soniya vaqt beriladi.

Turnirda dunyoning eng kuchli shaxmatchilari, jumladan Fabiano Karuana, Alireza Firouzja, Praggnanandhaa Rameshbabu kabi taniqli grossmeysterlar qatnashadi. Musobaqaning ochilish marosimida Javohir Sindarov sobiq jahon chempioni Garri Kasparov bilan uchrashgan.
Turnirning birinchi turida o‘zbekistonlik shaxmatchi mezbon Bogdan-Daniel Deak bilan bellashadi. Bahs 14-may kuni soat 18:00 da boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekstan Javohir Sindarov Polshadagi turnirda 7-o‘rinni olgani haqida xabar bergan edi.