Elektr va gaz uchun oshiriladigan to‘lovlar, Epshteyndan jabr ko‘rgan o‘zbekistonlik, Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi — 15-mayning muhim yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 15-may kuni respublika va xorijda sodir bo‘lgan yangiliklarning eng muhimlarini bir joyga jamladi.
Farg‘onada tog‘a va jiyan narkosavdogarlar 4,9 kilogramm gashish bilan ushlandi
Farg‘ona viloyatida tog‘a va jiyan boshqaruvidagi avtomashina hamda xonadondan umumiy og‘irligi 4 kilogrammdan ortiq gashish topildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi Bojxona va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi. Unda Uchko‘prik tumani hududida Qo‘qon shahrida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina tekshirildi.
Pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt to‘loviga 30 foiz chegirma berilishi mumkin
Pedagog xodimlarning davlat oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan farzandlari uchun shartnoma summasiga 30 foiz chegirma joriy etishi rejalashtirilmoqda. Qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Yangi tartibga ko‘ra, chegirma barcha pedagog xodimlarning farzandlariga staji va toifasidan qat’i nazar beriladi. Asosiy talab ota-onadan biri ta’lim muassasasida mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritishi kerak.
AQSh Kongressida o‘zbekistonlik ayol Epshteyndan uch yil davomida zo‘ravonlik ko‘rganini aytdi
Amerikalik moliyachi Jeffrey Epshteynning o‘zbekistonlik qurboni AQSh Kongressida ilk bor ochiq ko‘rsatma berib, uch yil davomida jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
O‘zini Roza deb tanishtirgan ayolning aytishicha, u O‘zbekistondagi kam ta’minlangan oilada ulg‘aygan va 18 yoshida modellik faoliyati va yaxshi hayot va’dalari bilan AQShga olib ketilgan. Uni Nyu Yorkka marhum model agenti Jean-Luc Brunel olib borgan.
Javohir Sindarov Grand Chess Tour’ning ilk turida durang o‘ynadi
Buxarestda bo‘lib o‘tayotgan Grand Chess Tour: Super Klassik Ruminiya turnirining birinchi turida o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov qora donalarda ruminiyalik Bogdan-Daniyel Dyak bilan durang qayd etdi. Bu haqda UzChess xabar berdi.
Ushbu turnir Grand Chess Tour’ning asosiy bosqichlaridan biri hisoblanib, 9 raunddan iborat aylanma tizimda o‘tkaziladi. O‘yinlar klassik vaqt nazoratida davom etmoqda. Birinchi tur doirasida Fabiano Karuana, Vinsent Keymer, Alireza Firouzja va Anish Giri kabi yetakchi shaxmatchilar ham o‘z uchrashuvlarini durang bilan yakunladi.
Non narxi olti yilda 80 foizga oshdi: sabablar nima
2020 – 2026-yilning mart oyiga qadar birinchi navli undan tayyorlangan non narxi 79,4 foizga, oliy navli non narxi esa 55,9 foizga oshdi. Markaziy bank tahliliga ko‘ra, ushbu o‘sishning asosiy qismi 2022-yilgi erkinlashtirish natijasida narxlarning bozor sharoitiga moslashuvi bilan izohlanadi.
Un va bug‘doy narxlari ham qimmatlashgan
Tahlilda qayd etilishicha, 2022-yilgacha qolipli non narxlari davlat tomonidan tartibga solib kelingani sabab narxlar keskin oshmagan. 2022-yil iyun oyida birinchi navli un va qolipli non narxlari erkinlashtirilgach, yil oxirigacha ushbu mahsulotlar narxi 54,8 foizga oshgan. Bu avval sun’iy ushlab turilgan narxlarning bozor sharoitiga moslashgani bilan izohlangan.
Tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomani onlayn olish imkoniyati yaratildi
my.gov.uz orqali endi tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olish yanada soddalashtirildi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, 2023-yildan boshlab tug‘ilish holatlari kompleks davlat xizmati tartibida avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi. Ya’ni tug‘uruqxona tomonidan ma’lumotlar to‘g‘ridan to‘g‘ri FHDY tizimiga yuboriladi va hujjat elektron tarzda shakllantiriladi.
25-maydan Prezident maktablariga qabul boshlanadi
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablari 2026/2027-o‘quv yili uchun yangi qabul jarayonini rasman boshladi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Qabul 25-maydan 14-iyungacha davom etadi va arizalar to‘liq onlayn tarzda my.gov.uz hamda ariza.piima.uz orqali qabul qilinadi.
Turkistonda Oʻzbekiston qurgan yangi masjid ochildi
Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Turkiston shahrida Oʻzbekiston tomonidan qurilgan yangi masjid bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Majmua 7 gektardan ortiq hududni egallaydi. Masjidda bir vaqtning oʻzida 5 mingdan ziyod kishilar namoz oʻqishi mumkin.
1-iyundan elektr va tabiiy gaz uchun to‘lovlar oshiriladi
2026-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar amaliyotga kiritiladi. Bu haqda O‘zA hukumat qaroriga tayanib xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, yirik iste’molchilar va ayrim guruhlar uchun elektr energiyasi 1 kVt/soat uchun 1100 so‘m etib belgilangan. Aholi uchun esa iste’mol hajmiga qarab bosqichma-bosqich (tabaqalashtirilgan) narxlar saqlab qolinadi.
Prezident tashabbusi bilan 100 nafar vatandosh Haj safariga yuboriladi
Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 100 nafar o‘zbekistonlik «Prezident hojisi» sifatida Haj ziyoratiga bepul yuborilmoqda. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmetbekovning ma’lum qilishicha, bepul yo‘llanma berilganlar orasida turli kasb va soha vakillari bor. Ularning barchasi «Prezident hojisi» dasturi asosida Haj safariga yuboriladi.
Mirziyoyev Japarov va Erdog‘an bilan muzokara o‘tkazdi
Turkiston shahrida o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashdi.
Mirziyoyev va Japarov uchrashuvida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar savdo hajmi oshayotgani, sanoat, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik kengayayotganini qayd etdi.