7 turdagi un mahsuloti standart talablariga javob bermadi — ekspertiza

Raqobat qo‘mitasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ichki bozordagi un mahsulotlari sifatini tekshirish maqsadida ekspertiza tahlillarini o‘tkazdi. Unda yetti nomdagi un mahsuloti belgilangan normativ-texnik hujjatlar talablariga mos emasligi aniqlandi.
2026-yilning yanvar-aprel oylarida respublika bo‘ylab savdo shoxobchalaridan jami 35 turdagi un mahsulotidan namunalar olinib, laboratoriyalarga topshirilgan. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida tekshirilgan un mahsulotlarida asosan temir va ruh miqdorining standart talablariga mos kelmasligi hamda mikronutriyentlar bilan boyitish me’yorlari buzilgani aniqlangan.
Talablarga javob bermagan barcha un mahsulotlari va ularda aniqlangan kamchiliklar:
| Viloyat | Un mahsuloti | Ishlab chiqaruvchi | Aniqlangan kamchilik |
|---|---|---|---|
| Buxoro viloyati | «Mufassal» | «Sof Group» MChJ | Temir va ruh miqdori standart talablariga javob bermagan |
| Buxoro viloyati | «Asian Grain» | «Asian Golden Grain Products» MChJ | Temir va ruh miqdori standart talablariga javob bermagan |
| Jizzax viloyati | «Lazzat Gold» | «Jizzaxdonmahsulotlari» AJ | Mikronutriyentlar bilan boyitish me’yorlariga mos kelmagan |
| Jizzax viloyati | «ZEBO» | «ELEEF» MChJ | Mikronutriyentlar bilan boyitish me’yorlariga mos kelmagan |
| Samarqand viloyati | «Biday un 777» | «Best Mak Sapellini» MChJ | Temir va ruh ko‘rsatkichlari talabga javob bermagan |
| Farg‘ona viloyati | «Muxabbat» | «QUANTITY CLASS» MChJ | Laboratoriya tahlillarida nomuvofiq deb topilgan |
| Farg‘ona viloyati | «DASTARXAN MUKA» | «ASHRAF RAMAZAN» MChJ QK | Laboratoriya tahlillarida nomuvofiq deb topilgan |
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ushbu korxonalarga mahsulotlarni belgilangan standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho berish uchun tegishli ma’lumotlar yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘mita tomonidan 21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarliklar aniqlangan edi.