
Li Auto kompaniyasi yangi flagman krossoveri — L9 Livis modelini rasman sotuvga chiqardi. Bu haqda Autohome nashri ma’lum qildi.
Taqdimot va narx
Avtomobil ikki xil komplektatsiyada taklif etilmoqda va narxi 460 ming hamda 510 ming yuan (taxminan $68 ming va $75,1 ming)ni tashkil etadi.


Dvigatel va texnik imkoniyatlar
Model 1,5 litrli benzin dvigateli hamda ikki elektr motoridan iborat gibrid tizim bilan jihozlangan. To‘liq uzatma elektr motorlar orqali amalga oshiriladi. Umumiy quvvat 571 ot kuchi, aylanish momenti 710 N/m bo‘lib, avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 4,9 soniyada chiqadi. WLTC standartiga ko‘ra yoqilg‘i sarfi 100 km uchun 6,3 litrni tashkil etadi.
Yurish zaxirasi va zaryadlash
Li Auto L9 Livis elektr rejimida 420 km (CLTC) masofani bosib o‘ta oladi, umumiy yurish zaxirasi esa 1650 km gacha yetadi. Avtomobil 420 kVt quvvatli tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi va batareyani 10 foizdan 80 foizgacha taxminan 10 daqiqada to‘ldirish imkonini beradi.



Aqlli boshqaruv tizimlari
Yuqori komplektatsiyada to‘rtta lidar va 2560 TOPS quvvatga ega ikki Mach 100 chipidan iborat haydovchiga yordam tizimi mavjud. Avtomobil avtomagistral va shahar sharoitida mustaqil harakatlana oladi, shuningdek avtomatik parkovka va haydovchiga o‘zi kelib to‘xtash funksiyalarini bajaradi.
Shassi va interyer
Modelda faol osma tizimi qo‘llanilib, har bir g‘ildirak mustaqil boshqariladi. Steer-by-wire texnologiyasi asosida rul va g‘ildiraklar o‘rtasida mexanik bog‘lanish yo‘q. Burilish radiusi 5,3 metrni tashkil etadi.



Salon qismida 29 dyuymli 6K panoramali displey o‘rnatilgan bo‘lib, Snapdragon 8797 Elite chipi asosida ishlaydi. Shuningdek, «nol gravitatsiya» o‘rindiqlari, uch rangli interyer va 5440 Vt quvvatli audio tizim ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston avtomobil bozorida elektromobillar ulushi 10 foizga yetgani haqida xabar qilgan edik.