Mirziyoyev Turkiy davlatlar sammitida qatnashish uchun Turkistonga yetib bordi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahriga yetib bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Hazrat Sulton xalqaro aeroportida Qozog‘iston Respublikasi Davlat maslahatchisi Yerlan Karin, Turkiston viloyati hokimi Nuralxan Kusherov hamda boshqa rasmiylar tomonidan kutib olindi.




Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi. Sammitda a’zo davlatlar rahbarlari mintaqaviy hamkorlik, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.




Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari Turkiston shahridagi tarixiy yodgorliklar va madaniy obyektlar bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident Qozog‘istonda o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etishi haqida yozgandi.