Mirziyoyev TDT sammitida 2027-yilni “Tabiatni asrash yili” deb nomlashni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiy davlatlar tashkilotining «Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish» mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi. Sammitda so‘zga chiqqan O‘zbekiston rahbari ekologik muammolarga e’tiborni kuchaytirish maqsadida 2027-yilni «Tabiatni asrash yili» deb e’lon qilishni taklif qildi.
Turkiston shahrida o‘tkazilgan tadbirda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an hamda TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev qatnashdi.
Sammit davomida ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati, iqtisodiy sheriklik va raqamli rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bugungi murakkab xalqaro vaziyat sharoitida turkiy davlatlar o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti nufuzli xalqaro tuzilmaga aylanganini qayd etdi. Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda tashkilotga a’zo davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati $2,4 trlndan oshgan. O‘tgan yil davomida O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi esa 14 foizga o‘sgan.
Shu bilan birga, 2026-yildan Turkiy investitsiya jamgʻarmasi operatsion faoliyatini boshlagani, Markaziy banklar kengashi, Yashil moliyalashtirish boʻyicha Turkiy kengash ishi yoʻlga qoʻyilgani ham e’tirof etildi.
«Oʻlkalarimizda yashab ijod qilgan ulugʻ bobolarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshib, shu tariqa hozirgi sunʼiy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar. Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz», — dedi Mirziyoyev.

Prezident sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish yo‘nalishida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, TDT doirasida sun’iy intellekt bo‘yicha strategik hamkorlik tarmog‘ini yaratish, «Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi»ni ishlab chiqish hamda Toshkentda TDTga a’zo davlatlar Texnologiyalar forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Shuningdek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida tarixiy-madaniy manbalarni yagona «katta ma’lumotlar» platformasiga birlashtirish tashabbusi ilgari surildi. Yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» dasturi ham yuqori baholandi.
Prezident Toshkentdagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida Turkiy davlatlar yoshlari uchun 2026–2027-o‘quv yillarida 50 ta grant ajratilganini ma’lum qildi. TDT doirasida ekologik muammolarga e’tiborni kuchaytirish maqsadida 2027-yilni «Tabiatni asrash yili» deb e’lon qilish taklifi ilgari surildi.

Mirziyoyev terrorizm, ekstremizm va yot oqimlarga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Yangi tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida «Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyans»ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Turkiston shahrida Oʻzbekiston tomonidan qurilgan yangi masjid bilan tanishgan edi.