OpenAI Apple kompaniyasini sudga berishi mumkin

OpenAI ChatGPT’ning Apple dasturiy ta’minotiga integratsiyalashuvi kutilgan natijalarni bermagani va Apple tomonidan yetarlicha sa’y-harakat qilinmagani sababli sudga murojaat qilish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
OpenAI rahbariyati ChatGPT’ning Apple qurilmalariga kiritilishi ko‘proq foydalanuvchilarni pullik obunaga jalb qilishiga ishonch bildirgan edi. Shuningdek, kompaniya Apple ilovalarida kengaytirilgan integratsiyani va Siri ovozli yordamchisida afzallik bilan joylashtirishni kutgan edi.
Biroq Apple o‘zining operatsion tizimlarida OpenAI texnologiyalaridan cheklangan darajada foydalanmoqda va sun’iy intellekt funksiyalarini topish foydalanuvchilar uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda.
«Mahsulot nuqtayi nazaridan biz qo‘limizdan kelganini qildik. Ular esa buni qilishmadi va eng yomoni, ular hatto chin dildan harakat ham qilishmadi», – deb ta’kidladi OpenAI vakili.
Bu xabarlar fonida 14-may kuni Apple aksiyalari 1,2 foizga pasayib, kunlik minimumga tushib ketdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OpenAI kompaniyasi Sora video generatorini yopayotgani haqida xabar bergan edi.