AQSh Kongressida o‘zbekistonlik ayol Epshteyndan uch yil davomida zo‘ravonlik ko‘rganini aytdi

Amerikalik moliyachi Jeffrey Epshteynning o‘zbekistonlik qurboni AQSh Kongressida ilk bor ochiq ko‘rsatma berib, uch yil davomida jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
O‘zini Roza deb tanishtirgan ayolning aytishicha, u O‘zbekistondagi kam ta’minlangan oilada ulg‘aygan va 18 yoshida modellik faoliyati va yaxshi hayot va’dalari bilan AQShga olib ketilgan. Uni Nyu Yorkka marhum model agenti Jean-Luc Brunel olib borgan.
Roza 2009-yilda iste’dod vizasi bilan AQShga kelganini, keyin esa Brunel uni Epshteyn bilan tanishtirganini aytdi. O‘sha paytda Epshteyn voyaga yetmagan qizlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun uy qamog‘ida edi.
«Bir kuni uning massajchisi meni xonasiga chaqirdi va o‘sha yerda Jeffrey menga ilk bor jinsiy tajovuz qildi», — dedi Roza tinglovda. «Keyingi uch yil davomida esa men muntazam zo‘rlash qurboni bo‘ldim».
Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, zo‘ravonlik Epshteynning Florida shtatidagi uyida boshlangan va keyingi uch yil davomida muntazam davom etgan. U moliyachi tomonidan viza maqomi hamda moddiy xavfsizligi bilan qo‘rqitilganini ham ta’kidladi.
Roza AQSh Adliya vazirligini ham tanqid qilib, Epshteyn ishiga oid oshkor etilgan hujjatlarda jabrlanuvchilarning ismlari yashirilmagani, aksincha uning ismi yuzlab marta tilga olinganini aytdi.
Jeffrey Epshteyn ustidan dastlabki tergov 2005-yilda boshlangan. Keyinchalik u voyaga yetmagan qizlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha sudlangan. 2019-yilda esa u yangi jinsiy savdo ayblovlari bo‘yicha sud jarayonini kutayotgan paytda qamoqda vafot etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bill Geyts AQSh Kongressida Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha ko‘rsatma berishi haqida yozgandi.