Pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt to‘loviga 30 foiz chegirma berilishi mumkin

Pedagog xodimlarning davlat oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan farzandlari uchun shartnoma summasiga 30 foiz chegirma joriy etishi rejalashtirilmoqda. Qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Yangi tartibga ko‘ra, chegirma barcha pedagog xodimlarning farzandlariga staji va toifasidan qat’i nazar beriladi. Asosiy talab — ota-onadan biri ta’lim muassasasida mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritishi kerak.
Chegirma faqat davlat OTMlarining kunduzgi ta’lim shaklida va bakalavriat bosqichida o‘qiyotgan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan amal qiladi. Kechki, sirtqi, masofaviy ta’lim, magistratura va qo‘shma ta’lim dasturlarida tahsil olayotganlar, shuningdek, xorijiy fuqarolar, xususiy OTM talabalari ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi. Super-kontrakt to‘lovlariga ham chegirma tatbiq etilmaydi.
Imtiyoz har bir o‘quv yili uchun bir marta beriladi va barcha kurs talabalari undan 4 yil davomida har yili foydalanishi mumkin. Chegirma olish uchun talabalar har yili onlayn ariza topshirishlari lozim bo‘ladi.
Agar shartnoma summasi 10 mln so‘mni tashkil qilsa, 3 mln so‘m chegirma qo‘llanib, to‘lov miqdori 7 mln so‘mga tushadi. Agar ota yoki ona pedagoglik toifasidan chiqsa, kelgusi o‘quv yilidan boshlab chegirma berish to‘xtatiladi. Loyiha muhokamasi 29-mayga qadar davom etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kontrakt pulining 12 foizini qanday qaytarib olish mumkinligi haqida xabar bergan edi.