Yaponiyada haydovchilar uchun 2 ming dollarlik ish taklif qilinmoqda

O‘zbekistonlik haydovchilar uchun Migratsiya agentligi va Proud Partners kompaniyasi yuk tashuvchi haydovchilarni Yaponiyaga ishga taklif qilmoqda. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Dastur doirasida 250 ta ish o‘rni ajratilgan bo‘lib, nomzodlar Yaponiya bo‘ylab faoliyat yuritadi. Tanlovlar 21–22-may hamda 25–29-may kunlari onlayn suhbat shaklida o‘tkaziladi.
Nomzodlardan BC toifadagi haydovchilik guvohnomasi va C toifada kamida 3 yillik tajriba talab etiladi. Yosh chegarasi — 21 yoshdan 35 yoshgacha. Saralanganlar uchun Toshkent viloyatining Angren shahrida 8 oylik bepul tayyorlov kursi tashkil qilinadi. Kurs davomida yotoqxona ham bepul taqdim etiladi. Yapon tilini biladiganlarga ustunlik beriladi.
Ishga qabul qilingan haydovchilarga oyiga $1,2 ming–2 ming atrofida maosh, yiliga ikki marta bonus va smenali ish jadvali taklif qilinmoqda. Shuningdek, ishchi vizasi, aviabilet, tibbiy hamda ijtimoiy sug‘urta xarajatlari qoplanadi. Turar joy beriladi, biroq uning xarajati uchun oyiga taxminan $200 ushlab qolinadi.
Nomzodlar rozilik xati bilan tanishib, ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Batafsil ma’lumot uchun 1282 yoki 71 202-33-55 (505) telefon raqamlariga murojaat qilish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xorvatiya, Litva yoki Bolgariyada mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari e’lon qilingani haqida yozgandi.