Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Qashqadaryo viloyatida Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va’da qilib, pul olgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, fuqaro X.S. ikki kishiga ishchi viza rasmiylashtirib berishini aytgan. U buning evaziga 165 mln so‘m talab qilib, $7 mingini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaga ishga yuborishni korrupsion sxemaga aylantirgan guruh fosh etilgandi. Aniqlanishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdor shaxslari ishtirokida uyushgan jinoiy guruh shakllantirilgan. Ushbu guruh 35 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborish evaziga ulardan jami $263,5 ming miqdorida noqonuniy mablag‘ olgan.
Hozirda Janubiy Koreyaga ishga yuborilmagan 600 dan ortiq fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilmoqda. Bundan tashqari, 230 nafar fuqaroni yuborish evaziga $580 ming, Koreyada ishlayotgan ming nafar fuqarodan esa $5,6 mln noqonuniy undirilgani, umumiy zarar miqdori $45 mlnni tashkil etishi ma’lum qilingan.