Yo‘lovchilar metrodan eng ko‘p foydalanadigan kunlar qaysi

Statistikaga ko‘ra, metrodan eng ko‘p foydalaniladigan kunlar payshanba va juma kunlari bo‘lib qolmoqda. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» DUK xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 8-may kuni metro xizmatidan 986,9 ming nafar yo‘lovchi foydalangan. 2026-yil 7-may kuni esa bu ko‘rsatkich 1,1 mlnga yetib, 12 foiz o‘sdi.
Shuningdek, 2025-yil 15-may kuni metrodan 953,2 ming nafar yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2026-yil 14-may kuni bu raqam 1 mln nafarga yetdi. Bu 9,6 foizlik o‘sishni anglatadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 8-may kuni Toshkent metropoliteni bir kun davomida 1,1 mln nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, rekord natija qayd etdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 80,5 foizga yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yangi metro liniyasi barpo etilishi xabar qilingandi. Unda 2030-yilgacha metropolitenda kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 mln nafarga yetkazish, bekatlar sonini 79 taga, liniyalar uzunligini esa 103 kilometrgacha oshirish rejalari taqdim etildi. Shuningdek, poyezdlar harakati oralig‘ini bosqichma-bosqich 1,5 – 3 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.