Nigeriyada 50 dan ortiq maktab o‘quvchisi o‘g‘irlab ketildi

Nigeriyaning shimoli-sharqidagi Borno shtatida qurollangan shaxslar 50 dan ortiq bolani o‘g‘irlab ketdi. Hodisa Mussa shahridagi uchta maktabda yuz bergan.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, yo‘qolgan bolalarning aksariyati ikki yoshdan besh yoshgacha bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, hujum juma kuni ertalab sodir etilgan. Qurollangan shaxslar bolalarni olib qochish vaqtida ulardan «tirik qalqon» sifatida foydalangan. Shu sababli xavfsizlik kuchlari ularga qarata o‘q uza olmagan.
O‘g‘irlash holatlari Mussa shahridagi Government Day Secondary School, Mussa Central Primary School va State Universal Basis Education Board Secondary School’da qayd etilgan. Borno janubi senatori Ali Ndume shanba kuni bergan bayonotida kamida 42 bola ikki maktabdan o‘g‘irlab ketilganini bildirgan. Biroq o‘qituvchilar va ota-onalar umumiy son 50 nafardan ortiq ekanini aytmoqda.
Hozircha hujum uchun hech bir guruh javobgarlikni zimmasiga olmagan. Ayrim xabarlarga ko‘ra, hujum uslubi Boko Haram harakatiga xos bo‘lishi mumkin.
Mussa Central Primary School direktori Abdu Dunamaning aytishicha, avval o‘q ovozlari eshitilgan. Keyin qurollangan shaxslar maktabga bostirib kirib, bolalarni sinfxonalardan olib chiqib ketgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat shu maktabdan 34 bola olib ketilgan. Ularning ko‘pchiligi besh yoshgacha bo‘lgan bog‘cha yoshidagi bolalar edi.
Mahalliy aholiga ko‘ra, hujumchilar maktablarga mototsikllarda kelgan. Ular harbiy patrul shaharni tark etganidan ko‘p o‘tmay hujum boshlagan. Ayrim katta yoshdagi o‘quvchilar tartibsizlik vaqtida yaqin atrofdagi butazorlarga qochib, jon saqlab qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nigeriyadagi qurolli hujumlar oqibatida 200 ga yaqin insonlar halok bo‘lgani haqida yozgan edi.