Shomurodovning goli «Bashakshehir»ga mavsumdagi so’nggi g’alabani taqdim etdi 

17-may 2026 00:23 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Eldor Shomurodov
Foto: Instagram / Eldor Shomurodov

Turkiya Superligasining so‘nggi, 34-turi doirasida Istanbulning «Bashakshehir» klubi safarda «Gaziantep»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu g‘alaba evaziga «Bashakshehir» mavsumni 5-o‘rinda yakunladi.

Foto: Instagram / ibfk2014

Uchrashuv mehmonlar uchun juda omadli boshlandi. O‘yinning 6-daqiqasidayoq Abbosbek Fayzullayevning faol harakatlari natijasida Deve Zelke hisobni ochdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 22-daqiqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov belgilangan penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi.

Foto: Facebook / İstanbul Başaksehir Futbol Kulübü

Ikkinchi bo‘limda mezbonlar vaziyatni o‘nglashga urindilar. 59-daqiqada Kristofer Lungoyi kiritgan gol hisobdagi farqni qisqartirdi, biroq «Gaziantep» bundan ortig‘iga erisha olmadi. O‘yin yakuniga qadar 1:2 hisobi o‘zgarmadi.

Foto: Facebook / İstanbul Başaksehir Futbol Kulübü

Ushbu uchrashuvda Eldor Shomurodov to‘liq harakat qilgan bo‘lsa, Abbosbek Fayzullayev 81-daqiqada zaxiraga olindi. Nuri Shahin shogirdlari ushbu g‘alabadan so‘ng ochkolarini 57 taga yetkazib, turnir jadvalida 5-o‘rinni band etishdi.

E’tiborlisi, ushbu o‘yindagi goli evaziga Eldor Shomurodov o‘z gollari sonini 22 taga yetkazib, to‘purarlar ro‘yxatida peshqadamlardan biriga aylanib oldi. Uning eng yaqin ta’qibchisi, «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachu hisobida ham 22 ta gol bor, ammo trabzonliklar o‘zlarining so‘nggi tur o‘yinini 17-may kuni «Genchlerbirligi»ga qarshi o‘tkazadilar. To‘purar nomi aynan shu o‘yindan so‘ng aniq bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eldor Shomurodov Turkiyada mavsum ramziy jamoasidan joy olgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek