Gadjetlar

Xiaomi flagman smartfonlar qimmatlashishidan ogohlantirdi

Bunday narxlar 2026-yil oxirigacha kuzatilishi mumkin
Xiaomi flagman smartfonlar qimmatlashishidan ogohlantirdi
Foto: Gizmochina

Xiaomi prezidenti Lu Veybin Xitoyda ayrim yuqori toifadagi smartfonlar narxi 10 ming yuandan ($1,5 ming) oshishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday narxlar 2026-yil oxirigacha kuzatilishi mumkin. Bunga xotira komponentlari qimmatlashayotgani sabab bo‘lmoqda. Taqqoslash uchun, Xiaomi 17 Ultra’ning 12 GB tezkor va 512 GB doimiy xotirali versiyasi Xitoyda 7 ming yuandan sotuvga chiqqan edi. Bu qariyb $980 ga teng.

Lu Veybinning aytishicha, DRAM va NAND flesh xotira narxlari keskin oshgan. Shu sababli smartfon ishlab chiqaruvchilar xarajatlarni qoplashda qiynalmoqda. Xiaomi kelajakdagi qurilmalar narxini hali muhokama qilmoqda. Jumladan, Xiaomi 17 Max kabi modellar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Kompaniya rahbariga ko‘ra, xotira yetkazib berishdagi muammoni tez hal qilib bo‘lmaydi. Yangi zavod qurilishi va ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bir necha yil vaqt oladi. Ayni paytda xotira chiplariga talab tez o‘smoqda. Bunga sun’iy intellekt serverlari va yuqori unumdor hisoblash uskunalari sabab bo‘lmoqda.

Lu Veybin xotira narxlariga bosim 2027-yilgacha saqlanishi mumkinligini aytgan. Uning fikricha, bu holat 2028-yilgacha ham davom etishi ehtimoldan xoli emas.

Avvalroq «Kursiv» Xiaomi 990 ot kuchiga ega YU7 GT krossoverni namoyish etgani haqida yozgan edi.