23 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi qiymati 23 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida xarid jarayonlari doimiy o‘rganib borilmoqda. Tahlillar davomida bir nechta buyurtmachi tashkilotlar o‘tkazgan tanlov savdolarida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga rioya qilinmagani aniqlangan.
Xususan, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkazilgan jami qiymati 9,1 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 6 ta tanlov savdosi o‘rganilgan. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkazilgan qariyb 8 mlrd so‘mlik 6 ta tanlov savdosida ham qonunbuzilish alomatlari qayd etilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan jami 6,7 mlrd so‘mga yaqin 10 ta tanlov savdosi bo‘yicha ham raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlangan. Qo‘mitaga ko‘ra, ushbu savdolarda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmagan.
Ya’ni xarid jarayonlarida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ish qo‘zg‘atgan. Komissiya qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar bergan. Shuningdek, buyurtmachi tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llash bo‘yicha tegishli sud organlariga ma’lumotlar yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 7 turdagi un mahsuloti standart talablariga javob bermagani haqida yozgan edi.