Etihad va Uzbekistan Airways kodshering kelishuvini imzoladi

Etihad Airways va Uzbekistan Airways kodshering kelishuvini imzoladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan nashri ma’lum qildi.
Ushbu kelishuv Etihad yo‘lovchilariga Toshkent orqali O‘zbekistonning sakkiz shahriga yagona chipta bilan uchish imkonini beradi. Kelishuv 2026-yil 15-maydan kuchga kiradi. Uning doirasidagi ilk parvozlar 2026-yil 9-avgustdan boshlab amalga oshiriladi. Yangi hamkorlik Etihad’ning Abu-Dabi va Toshkent o‘rtasidagi har kunlik reysi ishga tushishi bilan bir vaqtda boshlanadi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha parvozlar yozda yo‘lga qo‘yiladi.
Hamkorlik doirasida Etihad yo‘lovchilari Uzbekistan Airways reyslari orqali Toshkentdan Samarqand, Urganch, Nukus, Termiz, Farg‘ona, Namangan, Andijon va Buxoroga borishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Uzbekistan Airways yo‘lovchilari Toshkent orqali Etihad’ning yangi kunlik reysi bilan Abu-Dabiga yetib boradi.
Tomonlar Etihad Guest va UzAirPlus o‘rtasida qo‘shma sodiqlik dasturini yaratish ustida ham ishlamoqda. Bu ikki aviakompaniya yo‘lovchilariga millarni yig‘ish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Etihad ma’lumotiga ko‘ra, Uzbekistan Airways bilan hamkorlikdan so‘ng kompaniyaning sheriklik tarmog‘i 46 ta kodshering va 130 dan ortiq interlayn hamkorni qamrab oladi. Bu yo‘lovchilarga yagona chipta va uzluksiz tariflar orqali dunyo bo‘yicha 350 dan ortiq yo‘nalishga sayohat qilish imkonini beradi.
9-avgustdan Abu-Dabidan Toshkentga EY 830 reysi yo‘lga qo‘yiladi. Samolyot Abu-Dabidan 21:10 da uchib, Toshkentga keyingi kuni 01:35 da yetib keladi. Toshkentdan Abu-Dabiga EY 831 reysi 03:50 da uchadi va 06:35 da Abu-Dabiga yetib boradi. Har ikki yo‘nalishda Airbus A320 samolyotlari qatnaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Etihad Airways Toshkent — Abu-Dabi yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgan edi.