Sport

Joze Mourinyo «Real Madrid» bosh murabbiyi — Fabritsio Romano

Barcha shartlar og‘zaki kelishilgan bo‘lib, rasmiy hujjatlar joriy oyda imzolanadi
Rasm SI yordamida yaratilgan

Ispaniyaning «Real Madrid» klubi o‘zining sobiq bosh murabbiyi Joze Mourinyo bilan ikki yillik shartnomaga kelishib oldi. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano xabar berdi.

Kelishuv bo‘yicha barcha shartlar og‘zaki tasdiqlangan. Mourinyoning yagona maqsadi Madrid klubiga qaytish bo‘lgani sababli, muzokaralar davomida hech qanday muammo yuzaga kelmagan.

Foto: Instagram / Fabrizio Romano

Murabbiy «Real» hamda «Atletik Bilbao» o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng Madridga yetib borishi kutilmoqda. Hozirdanoq klubdagi yangi faoliyati uchun rejalar tuzishni boshlab yuborgan.

Foto: Getty Images

Ma’lumot o‘rnida, Mourinyo 2025-yil sentabr oyida o‘zining sobiq jamoasi bo‘lmish «Benfika»ga qaytgan edi. Uning boshqaruvida Lissabon klubi Portugaliya chempionatida mag‘lubiyatsiz (22 ta g‘alaba, 10 ta durang) mavsum o‘tkazdi. Biroq duranglar soni ko‘pligi sababli «Benfika» chempionlikni qo‘ldan boy berib, uchinchi o‘rin bilan kifoyalangan.

«The Special One» (O‘zgacha) nomi bilan mashhur bo‘lgan mutaxassisning «Santyago Bernabeu»ga qaytishi muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xabi Alonso «Chelsi»ning yangi bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.